Markaziy bank tomonidan bank-moliya mavzusini yoritadigan jurnalistlar uchun oʻquv-seminarlar tashkil etilmoqda. Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan navbatdagi tadbir kredit va uning turlari, loyihalarni moliyalashtirish jarayonlari, foiz stavkalari va hukumat dasturlari ijrosiga bagʻishlandi.

Mazkur seminarda davlatimiz rahbarining joriy yil 7 iyundagi “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Bugungi kunda mazkur qaror asosida tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan kreditlar talab etilgan meʼyorlar tartibida amalga oshirilmoqda. Xususan, 6 oydan 3 yil muddatgacha beriladigan eng kam ish haqining 150 baravaridan ming baravarigacha boʻlgan miqdordagi kreditlar jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Markaziy bankning departamenti direktori Aktam Sayfullayevning taʼkidlashicha, joriy yilning sakkiz oyida aholi bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir dasturlar doirasida tadbirkorlik subyektlariga 1,3 trillion soʻmlik imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda tijorat banklari tomonidan jalb etilgan xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari hisobidan 766,6 million AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlari oʻzlashtirildi. Yil oxirigacha bu koʻrsatkich 1,5 milliard AQSH dollari miqdorida boʻlishi kutilmoqda.

– Bank-moliya sohasi real va aniq faktlarga asoslangani bilan biz, jurnalistlardan koʻproq bilim va malaka talab etadi, – dedi jurnalist Hosil Karimov. –Bu mavzuda materiallar yozishning oʻziga yarasha murakkab jihatlari bor. Shu bois mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladigan oʻquv-seminarlar biz uchun juda muhimdir.

Jurnalistning iqtidori mavzuning ommabopligini taʼminlaydi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA