Bugun jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning yangi tarixidagi tinchliksevar tashqi siyosati oʻzaro ishonch, hamkorlik va ochiqlik tamoyillari asosida izchil amalga oshirilayotganini eʼtirof etmoqda.
Albatta, xalqaro aloqalarni kuchaytirish va mustahkamlashda xorijiy davlatlar bilan parlamentlararo hamkorlik ham mazmunan boyib bormoqda. Bu hozirgi davrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Boisi, parlament quyi palatasining xalqaro aloqalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga mos ravishda yangi sifat bosqichiga koʻtarilmoqda. Yetakchi xorijiy davlatlar parlamentlari va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet mamlakatlarning elchixonalari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda. Parlamentlararo aloqalar doirasida tashriflar almashilib, xorijiy parlamentlar vakillari, siyosatchilar va diplomatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazildi.
Mamlakatimiz parlamentining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida Oliy Majlis qoshida 22 ta parlamentlararo doʻstlik guruhi va 2 ta parlamentlararo hamkorlik komissiyasi faoliyat yuritmoqda. Keyingi ikki yil davomida Janubiy Koreya, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Belgiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Italiya kabi jahonning rivojlangan davlatlari parlamentlari bilan hamkorlik guruhlari tashkil etildi. Hozirgi kunda parlamentimizda Hindiston parlamenti bilan hamkorlik guruhini tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar ketmoqda.
Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi aloqalar bir necha ming yillik tarixga ega boʻlib, mamlakatimizning mustaqillik yillarida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yangicha maʼno-mazmun bilan boyitildi. Oʻtgan davrda Hindiston bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashda ikki mamlakat parlamentlari muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyalarining Hindistonga, ushbu mamlakat parlamenti vakillarining yurtimizga amalga oshirgan bir necha tashriflari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining Oʻzbekistonga 2015 va 2016 yildagi rasmiy tashriflari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qildi.
2018 yil 13-14 sentyabr kunlari Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining 5-majlisi oʻtkazilishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Joriy yil avgust oyida boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 11-yigʻilishida istiqbolli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishilgani ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratdi.
Oʻzbekiston – Hindiston hamkorligining konstruktiv ruhda va izchil rivojlanib borayotgani koʻp jihatdan ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona, oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarga hamda ming yillik tarixiy-madaniy, maʼnaviy rishtalar bilan mustahkam bogʻlanganiga dalildir.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik Oʻzbekiston – Hindiston aloqalarining muhim yoʻnalishlaridan birini tashkil etadi. Tomonlar teng va oʻzaro manfaatli sheriklikni hayotga tatbiq etish borasida boy tajribaga ega.
Bugungi kunda mamlakatimizda hindistonlik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 145 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 58 tasi ushbu mamlakat kapitali asosida tashkil etilgan.
Mamlakatlarimiz taʼlim, turizm, sogʻliqni saqlash, kadrlar almashinuvi sohalaridagi hamkorlik borasida ham ijobiy tajriba toʻplagan. Hindiston texnik-iqtisodiy koʻmaklashish dasturi doirasida qator oʻzbek mutaxassislari axborot texnologiyalari, suv resurslarini boshqarish, bank ishi, mehmonxona biznesi va boshqa yoʻnalishlarda Hindistonning nufuzli oliy oʻquv muassasalarida malaka oshirdi.
Albatta, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda, ayniqsa, milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishga xizmat qiluvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan xorijiy sarmoyalar kichik biznesni kengaytirishga, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, xizmat koʻrsatish, farmatsevtika va boshqa sohalarni jadal rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.