Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Prezidentning 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasining keng jamoatchilik oʻrtasidagi muhokamasi natijalari tahliliga bagʻishlangan masala koʻrib chiqildi.
Maʼlumki, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlardan iborat ishchi guruh Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqdi. Saylov kodeksi loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi hamda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida oʻzbek va rus tillarida joylashtirildi.
2018-yilning 6-7 sentyabr kunlari Saylov kodeksi loyihasi boʻyicha tegishli davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan fikr almashish maqsadida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi va Venetsiya komissiyasi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi boʻlib oʻtdi. Delegatsiya tomonidan Oʻzbekistonda Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash va keyingi saylovlarda saylovchilarning elektron roʻyxati amal qilishi joriy etilayotgani ijobiy baholandi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Surxondaryo, Navoiy, Sirdaryo, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qoʻshma majlisida boʻshab qolgan oʻrinlarga saylangan Oliy Majlis Senatining yangi aʼzolariga Senat aʼzosi guvohnomasi va koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
– Shunday sharafli lavozimga saylanganimiz zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Mavluda Imomova. – 2006 yildan buyon Namangan viloyati Chust tumanidagi “Davronbek Gʻaybulla” fermer xoʻjaligi rahbariman. Shuningdek, hududimizdagi “Baymoq” mahalla fuqarolar yigʻinida xotin-qizlar bilan ishlashga ham masʼulman. Paxta, gʻalla, chorva, baliqchilik va asalarichilikka ixtisoslashgan 60 gektarli fermer xoʻjaligimizda 27 nafar ishchi mehnat qiladi. Soʻnggi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan istiqbolli islohotlar tufayli soha zahmatkashlariga eʼtibor yanada ortdi. Faoliyatimiz kun sayin rivojlanmoqda. Shuni hisobga olgan holda, kelgusida menga bildirilgan ishonchni oqlashga, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga harakat qilaman.