Oʻzbek kitoblari Frankfurtda namoyish etiladi

2018 yil 10-14 oktyabr kunlari Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida oʻtkaziladigan “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi nashriyot-matbaa korxonalaridan tarkib topgan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻzbek noshirlari hamda matbaachilari erishgan yutuqlar aks ettirilgan taqdimotlar bilan ishtirok etadi.
Koʻrgazmada Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “Oʻzbekiston”, “Oʻqituvchi”, Gʻafur Gʻulom, Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Maʼnaviyat” nashriyot-matbaa uyining 500 ga yaqin Oʻzbekistonning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari aks ettirilgan kitob-albomlar, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilishi kutilmoqda.
Ayni paytda “Messe Frankfurt“ koʻrgazmalar maydonida Oʻzbekiston milliy pavilonini yaratish va pardozlash bilan bogʻliq tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasi dunyodagi eng yirik madaniy festival boʻlib, unda 130 dan ortiq mamlakatning 180 mingdan ziyod savdo tashkiloti, noshirlar, matbaa texnologiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik kompaniya vakillari, reklama agentliklari qatnashadi.
Yetmish yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan anʼanaviy koʻrgazma doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, forum, koʻrik-tanlov va festivallar, madaniyat namoyandalari, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. Shu bilan birga, jahon mamlakatlarining noshirlik, matbaa yoʻnalishida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari, ilmiy va maʼrifiy sohalardagi intellektual salohiyati namoyish etiladi.

 

OʻzA