Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev aholining barcha qatlamlari oʻrtasida sportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish, mavjud sport inshootlarining moddiy-texnik ahvolini oʻrganish maqsadida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oʻrganish davomida Guliston tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabida davlat mablagʻlari evaziga xarid qilingan koʻplab sport jihozlari va inventarlari foydalanmasdan omborxonada saqlanayotgani, 2008 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati bazasida usti yopiq basseyn 2 yildan buyon faoliyat koʻrsatmayotgani, Yangiyer tumani bolalar va oʻsmirlar sporti maktabidagi usti yopiq basseynning isitish tizimidagi nosozlik sababli yil boʻyi foydalanish imkoniyati yoʻqligi maʼlum boʻldi.
Vazir Dilmurod Nabiyev yosh avlod salomatligi yoʻlida yirik miqdordagi davlat mablagʻlari hisobiga qurilgan ushbu inshootlar foydalanilmayotgani achinarli holat ekanini taʼkidlab, mutasaddilarga muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish topshirigʻini berdi. Shuningdek, muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi koʻrinishida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, olingan daromad hisobidan basseynlar ish faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligi taʼkidlandi.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda sport taʼlimi muassasalari rahbarlariga yoshlarni sportga jalb etish boʻyicha ishlarni kuchaytirish, har bir bolaga kunning istalgan payti ushbu muassasalarga tashrif buyurib futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, badminton kabi sport turlari bilan shugʻullanishi uchun qulay imkoniyat yaratish vazifasi topshirildi.
Vazir mazkur inshootlar qatorida boʻlgan Boyovut va Xovos tumanlaridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablarining qurilishi yakunlanmay qolgan bazalarida boʻlib, u yerda mahalliy hokimlik mutasaddilari va qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot yakunida mazkur masala ijobiy hal qilinib, zarur mablagʻlar qisqa muddatda oʻtkazilishi belgilandi. Quruvchilardan sport obyektlarini qurishda, avvalo, sifatga eʼtibor qaratish soʻraldi.
Tashrif davomida mutasaddilarga aholining keng qatlamini sportga jalb qilish, ayniqsa, sport bilan shugʻullanmaydiganlar roʻyxatini shakllantirib, ularga mos sport turlarini tavsiya etish orqali sportga jalb qilish, barcha yoshdagi aholining sport bilan shugʻullanishi, korxona-tashkilotlar xodimlarida sogʻlom turmush tarzi, jismoniy tarbiya koʻnikmasini shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, oʻzaro musobaqalar tashkil etish boʻyicha vazifalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va yoshlarning sport bilan shugʻullanishi yoʻlida davlat tomonidan yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanmasdan, oʻz holiga tashlab qoʻygan 5 nafar rahbar xodimni egallab turgan lavozimidan ozod etdi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA