FUTBOL: Pro-ligada omad kimga kuladi – “Andijon”gami yoki “Mashʼal”ga?

Ayni paytda “Andijon”ga nisbatan “Mashʼal”da Superligaga chiqish ishtiyoqi kattaga oʻxshamoqda.
Bunga soʻnggi tur natijalaridan keyin yana bir bor amin boʻlyapmiz. Oʻz maydonida Oʻzbekiston Kubogi doirasida “Bunyodkor”ga qarshi oʻyinda koʻp kuch sarflab qoʻydimi, yoki raqib “Norin”ning imkoniyatlarini toʻgʻri baholay olmadimi, harqalay andijonliklar oʻz uylarida haqulobodliklarga ochko ulashishdi. Superligaga astoydil harakat qilayotgan jamoalar ichida aynan “Andijon” va “Mashʼal” boshqalarga nisbatan shu maqsadda sobitqadamlik bilan harakat qilishayotganligi bor gap. Futbol infrastrukturasi boshqalardan yaxshiroq boʻlgan “Mashʼal”ning kuchlilar qatoriga qaytishi haqiqatga yaqinroq va muborakliklar bu yoʻlda “jon olib” kurashishyapti. Ularning “Shoʻrtan” maydonida mezbonlarni magʻlub etishning uddasidan chiqqanligi ham bunga dalil boʻla oladi. Lekin na “Mashʼal” va na “Andijon” “Norin”ning toʻsigʻidan oʻta olishmayapti. “Norin” “Mashʼal”ni oʻz maydonida magʻlub etgandi, Muborakda durang oʻynagan, mana endi Andijondan ham ochko bilan qaytdi. “Andijon” ham, “Mashʼal” ham mavsum soʻnggida aynan “Norin”dan pand yeb qolmasa edi.
409b4c9c-8752-4afc-9328-07a140c3858a.jpg
Superligaga katta “ishtaha” saqlayotgan “Surxon”ningku niyatiga yetishi tobora ogʻirlashyapti. Aks xolda oʻz maydonida ikki ochkodan mahrum boʻlmas edi, aksincha, kuchlilar qatorida yurgan “Istiqlol” koʻpchilikni hayratga solyapti. “Dinamo” ham aslida, mavsum boshida Superligaga loyiq koʻrilgandi, biroq uzoq vaqt davom etgan omadsizlikdan soʻng, “hech boʻlgandan koʻra kech boʻlgan afzal” qabilida ish tutgan samarqandliklar “otga qamchi bosishdi”. Toʻgʻri, samarqandliklar peshqadamdan naqd oʻn ochkoga ortda qolishyapti, lekin oldinda hali yaxshigina imkoniyatlar bor.
Shu tariqa “A” guruhida “Andijon” 43ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, “Mashʼal” esa yetakchidan bor-yoʻgʻi bir ochko ortda qolyapti, uchinchi oʻrinda borayotgan “Istiqlol” esa 39 ochkoga ega.
Guruhning soʻnggi oʻrinlarida borayotgan “Norin” va “Orol” jamoalarining ahvoliga havas qilib boʻlmaydi. “Norin” 19 ochko toʻplagan, “Orol”da esa atigi 13 ochko.
Quyi liganing “V” guruhi 26-turida ham deyarli kutilmagan natijalar qayd etilmadi. “Zomin”, “Nurafshon” va “Gʻijduvon” oʻz maydonlarida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Guruhda birgina “Labsa” jamoasi safarda toʻp surishiga qaramay “Sherdor”ni magʻlub etishni uddaladi.
Guruhni 46 ochko bilan “Nurafshon” jamoasi boshqarib boryapti. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarda borayotgan “Sherdor”da 42 ochko va “Gʻijduvon”da 4o ochko bor. Turnir autsayderlari “Xotira-79” 22, “Lokomotiv-BFK” esa atigi 13 ochkoga ega.
26-tur. 
“B” guruhi, 22-sentabr.
“ShЕRDOR” – “LABSA” – 0:1
Gol: Saiddoston Fozilov (9).
“NURAFSHON” – “LOKOMOTIV BFK” – 2:0
Gollar: Elbek Ravshanov (9-pen.), Oripxoʻja Abduxoliqov (12).
“ZOMIN” – “XOTIRA-79” – 5:1
Gollar: Shoxjahon Abbosov (30, 36), Shuhrat Sadirdinov (40), Durbek Kamolov (58), Eldor Karimov (83) – Maxsud Mahmudov (77).
“GʻIJDUVON” – “YOZYOVON” – 4:0
Gollar: Nuriddin Rahmatullayev (41, 87), Asomiddin Mamatov (81, 83).
“A” guruhi, 23-sentabr.
“SURXON” – “ISTIQLOL” – 1:1
Gollar: Javohir Aliqoʻziyev (70, oʻz darv.), Daniyel Nasriddinov (78).
“SHOʻRTAN” – “MASHʼAL” – 0:3
“OROL” – “DINAMO” – 0:2
Gollar: Sanjar Baratov (51, 65).
“ANDIJON” – “NORIN” – 0:0

 

O’zA