Terimchilarning oladigan daromadidan soliq hisoblanmaydi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlari tomonidan 2018 yilgi paxta yigʻim-terimida ishtirok etish istagida boʻlgan yoshlardan iborat “Fidoyi yoshlar” otryadlari tuzildi.
Shu kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda tuzilgan 183 otryadlarga jami 29 ming 615 nafar yoshlar aʼzo boʻlgan. Ushbu otryadlarga Yoshlar ittifoqining hududiy Kengashi raislari rahbarlik qiladi.
Tashkilot qoshidagi Yosh fermerlar kengashi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, hozirda terimchilar uchun yotoqxonalarda zarur sharoitlar yaratish, uzoq hududlardagi paxta dalalariga boradigan otryadlar uchun transport vositalarini taʼminlash, madaniy dasturlarni rejalashtirish, tibbiy xizmat koʻrsatish hamda xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻlik ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, oʻtgan yildan boshlab doimiy ish bilan band boʻlmagan yoshlarning paxta terimida ishtirok etgan vaqti ish staji sifatida hisoblanishi belgilangan. Terimchilarning oladigan daromadidan esa soliq hisoblanmaydi.
Eslatib oʻtamiz, joriy mavsumda paxta xomashyosi mashinada terilganda, bir tonna uchun 400 ming soʻm, qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta uchun 650 soʻmdan 1000 soʻmgacha haq toʻlanishi belgilangan.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA