Oʻzbekiston 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ta ilgʻor mamlakati tarkibida boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “2019–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni tasdiqlandi.
Ushbu farmonda ilm-fanning zamonaviy yutuqlari, innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida mamlakatni jadal rivojlantirish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan.
Bu borada yurtimizda endigina chinakam siljishlar boshlandi. Nufuzli va obroʻ-eʼtiborli xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingi mavjud va unda kamida 130-140 davlatning bu sohadagi yutuqlari, ixtirolarga bergan patentlaridan tortib, fan-taʼlimga ajratadigan yillik mablagʻlarigacha aks etib turadi.
Bu reytingni mana, 7 yilki, Shveysariya boshqarib kelmoqda. Undan keyingi davlatlar – Shvetsiya, Gollandiya, AQSH va Buyuk Britaniya hisoblanadi. Sobiq Shoʻrolar Respublikalaridan esa eng yaxshi koʻrsatkich 25-oʻrinni egallagan Estoniyada, Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozogʻiston 78-oʻrinni band qilgan. Oʻzbekiston bu reytingga soʻnggi bor 2015 yilda kiritilgan boʻlib, oʻshanda egallangan pogʻona 122-oʻrindan oshmagan.
Mazkur tadqiqotlardagi sarhisobda bu qadar quyi pogʻonaga tushib qolishimizning sabablari, yaʼni, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorligi past darajada ekanligi, bu – innovatsion rivojlanish sohasida vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining lozim darajada muvofiqlashtirilmaganligi Prezident farmonida aniq qilib yozilgan.
Endigi asosiy maqsad, farmon bilan birga tasdiqlangan innovatsion rivojlantirish strategiyasida belgilab qoʻyilgan: mamlakat 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ta ilgʻor mamlakati tarkibiga kirishi kerak.
Buni amalga oshirish uchun yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Noyob ilmiy-texnik uskunalardan jamoa boʻlib foydalanish markazlari tashkil etiladi hamda Oʻzbekistonda ilmiy faoliyat nufuzi oshiriladi.
Bugungi kunda ilmiy-tadqiqotlar va tajriba konstruktorlik ishlanmalariga yalpi ichki mahsulot hajmining atigi 0,21 foizi ajratilmoqda. 2021 yilga borib bu koʻrsatkich toʻrt baravar oshib, 0,8 foizni tashkil etmogʻi kerak. Shuningdek, texnologiyalar transferining milliy va mintaqaviy ofislarini tashkil etish, ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish uchun texnoparklar kabi, erkin iqtisodiy zonalar, erkin sanoat zonalari, kichik sanoat hududlari va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etish moʻljallanmoqda.
Farmon bilan kiritiladigan oʻzgarishlardan biri shuki, Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlariga bosqichma-bosqich tarzda abituriyentlarni shartnoma asosida oʻqishga qabul qilishda qabul kvotalarini mustaqil tarzda belgilash huquqi beriladi.
Innovatsion rivojlanish strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib, jahon davlatlarida boʻlganidek, aholining oliy maʼlumotli qatlami salmogʻini oshirish hamda tabiiy va texnik fanlar yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar sonini koʻpaytirish belgilangan. Aynan ilmli yoshlar Oʻzbekistonning innovatsion rivojida muhim turtki beradi. Oʻz navbatida oliy oʻquv yurtlari va abituriyentlar ham tayyorgarlikning, yangi taʼlim dasturlari, zamonaviy pedagogik va smart-texnologiyalar bilan qurollangan darajasiga erishmoqlari lozim. Maktablar ham, oliy oʻquv yurtlari ham oʻzgarishi kerak. Ular oldiga qoʻyilgan maqsad aniq. Masalan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti oldiga 2021 yilga borib, jahonning eng nufuzli 1000 ta universiteti safidan oʻrin egallash vazifasi qoʻyildi.
Innovatsion rivojlanishning keyingi taqdiri koʻp jihatdan axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasining ildamlashiga ham bogʻliq. Jumladan, ayni shuning evaziga 2021 yilga borib, davlat kadastri ishlari va mol-mulkni roʻyxatga olish jarayonlari toʻliq raqamlashtirishga erishilmogʻi kerak. Eng muhimi, 2021 yilda axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasidagi koʻrsatiladigan xizmatlar eksporti bugungi 2 foizga qaraganda ikki baravarga oshib, 4 foizni tashkil etishi vazifa qilib qoʻyilmoqda.
Shuningdek, farmonda innovatsiyalar energetika sektoriga ham faol joriy etilishi koʻrsatib oʻtilgan. Masalan, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan va muqobil manbalardan foydalanish hajmi 12,7 foizni tashkil etayotgan boʻlsa, 2025 yilga borib, bu koʻrsatkich 20 foizdan koʻproqqa oshirilmogʻi lozim. Bundan tashqari Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari sifatida monopoliyaga qarshi siyosatni, shu jumladan, davlat-xususiy sherikligini joriy etish hisobiga takomillashtirish, barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun tabiiy monopoliyalar subyektlarining tovarlari, ishlari va xizmatlaridan teng foydalanishni taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va ichki bozorda monopoliya yuzaga kelishining oldini olish kabi yoʻnalishlarni ham sanash mumkin.
Ushbu farmon bilan 35 ta aniq chora-tadbirlar 5 yoʻnalishda qamrab olingan. Innovatsion rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi. Tayinki, ularni bajarish muddati, ijrochi vazirlik va idoralar ham aniq belgilab qoʻyildi.
Innovatsion rivojlantirish strategiyasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha komissiya tashkil etilgan boʻlib, unga bosh vazir raisligida 27 ta vazirlik va idoralarning aynan birinchi rahbarlari aʼzo boʻlgan. Bu esa “innovatsion rivojlanish” deyilgan strategiyaning nechogʻli muhimligini anglatadi.

 

O’zA