Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakillari xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Belarus Respublikasiga joʻnab ketdi

21 sentabr kuni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari maxsus boʻlinmalar oʻrtasida oʻtkaziladigan xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Belarus Respublikasiga joʻnab ketdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Ushbu musobaqada Belarus Respublikasi Davlat xavfsizlik qoʻmitasining “A”, Ichki ishlar vazirligining “Almaz” guruhlari, mamlakat prezidentining xavfsizligini taʼminlashga masʼul xizmat vakillari, shuningdek, xorijlik jamoalar oʻzaro bellashadi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar shahar va oʻrmon sharoitida oʻz mahoratlarini jamoaviy hamda yakka tartibda namoyish etishlari lozim. Xususan, otish mashqlarini muvaffaqiyatli bajargan ishtirokchilar, shuningdek, shartli dushman guruhining razvedkachilarini qidirib topish, asirlarni ozod etish, yaradorlarni evakuatsiya qilish kabi shartlarda alohida qoʻshimcha ballar olishi mumkin.
Ishtirokchilar hamdoʻstlik mamlakatlaridagi maxsus boʻlinmalarda xizmat koʻrsatuvchi yuqori professionallikka ega hakamlar tomonidan baholab boriladi.
Mazkur musobaqa turli idoralarga qarashli maxsus boʻlinmalar xizmatchilarining nafaqat yuqori tayyorgarlik darajasini, balki jangovar tayyorgarlik boʻyicha eng soʻnggi va zamonaviy amaliyotdan boxabar boʻlish imkoniyatini taqdim etadi.
Joriy yilning 28 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus Respublikasi Mudofaa vaziri Andrey Ravkov Oʻzbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan suhbatda oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarini Belorussiyada muntazam oʻtkazib kelinayotgan maxsus qoʻshinlar oʻrtasidagi musobaqalarda ishtirok etishiga taklif bildirgan edi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston-Belarus oʻrtasida qisqa vaqt davomida harbiy hamkorlikning huquqiy-meʼyoriy bazasini kengaytirish borasida salmoqli ishlash qilingan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va Belarus Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy akademiyasi oʻrtasida 2017 yil 20 iyul kuni Minsk shahrida hamkorlik Memorandumi tuzilgan, 2018 yilda ikki davlat mudofaa vazirliklari oʻrtasida Harbiy hamkorlik rejasi imzolanib, uning doirasida tadbirlar amalga oshirilyapti.
Musobaqada Oʻzbekiston Mudofaa vazirligidan 10 nafar vakil mamlakat sharafini himoya qiladi. Bahslarning asosiy qismi 24-28 sentabr kunlari Marina Gorka aholi yashash punktida joylashgan harbiy qism poligonida boʻlib oʻtadi.

 

O’zA