Singapurlik tadbirkorlar Oʻzbekistonda bolalar bogʻchalari tarmogʻini yaratadi

Toshkent shahar hokimligida Singapurlik tadbirkorlar bilan xalqaro “Montessori” bogʻchalari tarmogʻi qurish haqida muzokaralar boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati.
Xususan, Singapurning “Modern Montessori International” kompaniyasi raisi T.Chandru va “CISTECH International Pte Ltd” kompaniyasi direktori B.Mekani bilan Oʻzbekistonda bolalar bogʻchalari tarmogʻini yaratish loyihasi muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimligi Singapur ishbilarmonlariga yordam berishga tayyorligini bildirdi va tomonlar Singapurning kadrlar tayyorlash boʻyicha markaz hamda markaz qoshida — bolalar taʼlim muassasalarini qurishi masalasi koʻrib chiqildi.
“Montessori” pedagogika uslubiga – 20 asr boshlarida Italiyada yashagan shifokor Mariya Montessori asos solgan. “Montessori” uslubi bolalarga maxsus tayyorlangan hudud chegarasida imkon qadar katta erkinlik berish, bolalarning barcha his qilish organlarini rivojlantirishga asoslangan. Bugungi kunda “Montessori” pedagogika uslubi asosida faoliyat yurituvchi bogʻchalar dunyoning turli burchaklarida keng tarqalgan.

 

O’zA