Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa turdagi xavfli jinoyatlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirish Byurosining Tashkiliy-huquqiy va axborot-tahliliy taʼminlash boshqarmasi boshligʻi, politsiya polkovnigi E.Derevyanko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Vazirlik axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, uchrashuv va muzokaralar jarayonida tomonlar 2019 yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yigʻilishini tashkil etish bilan bogʻliq bir qator dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, tashrif dasturiga muvofiq delegatsiya vakillari respublika ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA