Davlat xizmatlari markazlari – ham vaqtni, ham naqdni tejaydi

Surxondaryo viloyatidagi davlat xizmatlari markazlarida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida va sifatli hal etish imkonini bermoqda.
Joriy yilning oʻtgan davrida shahar va tuman davlat xizmatlari markazi orqali 13 ming 200 dan ortiq tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Aholiga 115 ming 160 dan ortiq turli xizmatlar koʻrsatilgan.
Tahlillarga koʻra, viloyatdagi markazlarda eng koʻp murojaat davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni taʼminlaydigan elektron raqamli imzo sertifikatini berish bilan bogʻliq. Joriy yilning oʻtgan davrida mazkur yoʻnalishda 45 ming 62 davlat xizmatlari amalga oshirilgan. Shuningdek, farzandini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish boʻyicha 28 ming 514 murojaat boʻlgan. Tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga tayyor holda ulashga oid 4 ming 465, oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan bir martalik mulk huquqini eʼtirof etish uchun 3 ming 884, manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish boʻyicha 3 ming 40, yuridik shaxslarning ipoteka hamda bino, inshoot va yer uchastkalariga boʻlgan ashyoviy huquqlar ipotekasi toʻgʻrisidagi shartnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir 1 ming 255 xizmat koʻrsatilgan.
Ayni paytda viloyatda yuridik va jismoniy shaxslar davlat xizmatlari markazlarining 103 turdagi xizmatlaridan bahramand boʻlayotir. Ular markazlarda koʻrsatilayotgan xizmatlardan mamnun.
– Soliq toʻlovlaridan qarzimiz yoʻqligi haqida maʼlumotnoma olishga toʻgʻri keldi, – deydi Termiz shahridan O.Dilevarxonov. – Shahar davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan edim, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tezda ijobiy hal boʻldi. Bundan juda xursandman. Vaholanki, ilgari ham bu masalaga duch kelgan va bir enlik maʼlumotnomani olish uchun uzoq navbat kutish, kunni behuda oʻtkazishga majbur boʻlganman.
Bunday qulayliklarga mos ravishda koʻrsatilayotgan xizmatlar turi kengayib, odamlar turli maʼlumotnomalar, STIR raqami, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvini hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslash, oʻrnatish kabi masalalarda ham murojaat etayotgani va ishlari tezda ijobiy yechim topayotgani eʼtiborga sazovordir.
– Markazlarda yaqindan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini litsenziyalash, tugʻilganlikni qayd etish, oʻlimni qayd etish, FHDYO organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish kabi xizmatlar yoʻlga qoʻyildi, – deydi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi yurist-konsulti B.Shometov. – Takroriy guvohnoma berish, fuqarolik holati dalolatnomasi yozuvini tiklash, oʻzgartirish, tuzatish, qoʻshimchalar kiritish singari qator yangi xizmatlar ham joriy etildi.

 

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA