Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti xalqaro Vestminster universitetida uchrashuv oʻtkazdi

Mamlakatimizda boʻlib turgan Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Vensay Jang Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetiga tashrif buyurib, mazkur oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan uchrashdi.
Tadbirda OTBning Oʻzbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalari xususida soʻz yuritildi. Shuningdek, mamlakatimizda aholi turmush darajasini yanada oshirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, yoʻl-transport infratuzilmasi, muqobil energiyani rivojlantirish boʻyicha imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
– Oʻzbekiston koʻplab sohalarda ijobiy natijalarga erishmoqda, – dedi Vensay Jang. – Soliq-byudjet siyosati izchillik bilan olib borilayotgani va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi barqaror oʻsish mustahkam makroiqtisodiy asos yaratilganidan dalolat beradi. Bu Oʻzbekistonda aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni davom ettirish, investitsiyalarni faol jalb qilish imkonini bermoqda.
Uchrashuvda OTBning istiqbolli strategiyasi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari haqida ham soʻz yuritildi.
Vensay Jang universitet oʻquv tizimiga, talabalarning puxta bilim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarga yuqori baho berdi. Oʻzbekistonda barcha sohada, jumladan, gumanitar yoʻnalishda ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishilayotganini alohida taʼkidladi.
Tadbir doirasida mintaqaviy hamkorlik hamda Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA