O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 17 may kuni rasmiy tashrif bilan yurtimizga keldi.
Poytaxtimiz aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Malayziya Hukumati rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Bir necha ming chaqirim masofa istaklari, yirik loyihalari mushtarak davlatlarni ajrata olmaydi. O‘rtada ezgu niyat va hamkorlik uchun qat’iy intilish bo‘lsa kifoya.
Toshkentdan Kuala-Lumpurga uchgan samolyot taxminan yarim kun parvoz qiladi. Bu ma’lumotni O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi masofani tasavvur qilish uchun keltirdik. Manzil olis, lekin ikki davlatning dini bir, qadriyatlari o‘xshash.
Bosh vazir Anvar Ibrohim va Malayziya delegatsiyasi a’zolari “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi, mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘li va ushbu noyob majmuaning yaratilishi tarixi bilan tanishdi.
“Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.
Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif qildi.
Harbiy orkestr ikki mamlakat milliy madhiyalarini ijro etdi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Uchrashuv avvalida Malayziya Hukumati rahbari Prezidentimizga Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta’kidladi.
– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo‘lgan, jadal o‘sib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, – deb ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi aviareyslar ko‘paymoqda.
O‘zaro savdo hajmining kelgusida ham o‘sishini ta’minlash va ko‘rsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Malayziya biznes forumi yakunlari investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz O‘zbekiston – Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Qishloq xo‘jaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, “Halol” standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish masalalari yuzasidan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Axborot texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish va transport bog‘liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibini tizimli kengaytirish maqsadida amaldagi Savdo bo‘yicha qo‘shma qo‘mitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faollashtirishga qat’iy intilish bildirildi.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sun’iy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Malayziyalik sayyohlarning O‘zbekistonga oqimi tez sur’atlarda o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, “Umra plyus” loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz o‘rtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi.
Yetakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afg‘oniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
“Markaziy Osiyo + ASEAN” formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini ko‘rib chiqish tashabbusi bildirildi.
Ishonchli, ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.
Yetakchilar ochiq, ishonchli va do‘stona muhitda o‘tgan sammitning samarali natijalarini yuqori baholadilar.
Davlatimiz rahbari ikki xalq o‘rtasidagi umumiy din, mushtarak urf-odat va qadriyatlarga asoslangan azaldan yaqin aloqalarni alohida ta’kidladi.
– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat, bizning vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli hamkorimizdir, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan «O‘zbekiston – 2030» va «Malayziya Madani» strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o‘xshash ekani ta’kidlandi.
Malayziya Bosh vazirining bugungi tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi va ularning rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va yangi marralar belgilab olindi.
Oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot va aloqalarni faollashtirish, qo‘shma Hukumatlararo komissiyani ishga tushirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga olib chiqishga o‘zaro intilish bildirildi.
Yetakchilar tovar ayirboshlash hajmini va qo‘shma korxonalar sonini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Tomonlar bu ko‘rsatkichlarni yaqin kelajakda bir necha barobarga oshirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Davlatimiz rahbari bu maqsadga erishishda tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va o‘zaro savdoning muvozanatliligini ta’minlash, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yuqori texnologiyali loyihalarni ilgari surish uchun maxsus sanoat zonasini yaratish lozimligini ta’kidladi.
Energetika, neft-kimyo, tog‘-kon, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, moliya, IT va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.
Samarqand shahrida ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan biznes forumining natijalari, imzolanadigan salmoqli investitsiya bitimlari hamkorlikka yangi mazmun bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.
Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida yaqin muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga, jumladan, madaniyat haftaliklari, yoshlar, ta’lim va sport forumlari, turli ko‘rgazmalarni o‘tkazishga qaratilgan choralar qabul qilinadi.
Sammitning natijalari O‘zbekiston – Malayziya munosabatlarini mustahkamlashga, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha barcha erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.
O‘zbekiston – Malayziya sammiti yakunida “Ko‘ksaroy” qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Anvar Ibrohim Faxriy mehmonlar xiyobonida archa ekdilar.
Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakat yetakchilarining O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qat’iy intilishining ramzi bo‘ldi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV, Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari