“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida yoshlar bandligini taʼminlash borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlganlar soni 481 ming 900 nafardan oshadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, prokuratura, ichki ishlar, soliq, iqtisodiyot, moliya, mehnat, qurilish vazirliklari, Yoshlar ittifoqi va oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hududiy kengashlari, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari hamda mazkur idoralarning tuman-shahar boʻlimlari va boshqa idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda tuzilgan Respublika shtabi aniqlagan maʼlumotga koʻra, ana shu yoshlarning 59 ming 416 nafari ishsiz.

Umumiy yoshlar sonidan 43 ming 131 nafari norasmiy ish bilan band boʻlganlar, 18 ming 248 nafari uzoq muddatga ishlash uchun xorijga ketganlardir. Norasmiy ish bilan taʼminlanganlar nomidan koʻrinib turibdiki, ularning mehnat xavfsizligi kafolatlanmagan va mehnat daftarchasi yuritilmaydi. Ishlash uchun uzoq muddatga xorijga ketganlar ham hududda bandligi taʼminlanmagani bois shunday yoʻl tutishga majbur boʻlgan.

– Bu kabi muammolarni hal qilish uchun vaqt hamda davlat idoralari va turli jamoatchilik tashkilotlari hamjihatlikda ish koʻrishi talab etiladi, – deydi Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi A.Doniyorov. – Shahar va tumanlarda tashkil qilingan ishchi guruhlar tomonidan yoshlarga oid 22 ming 200 muammo mavjudligi aniqlangan va ularning 8 ming 400 tasi joyida hal etilgan. 13 ming 800 ta muammoning yechimi boʻyicha tuman-shaharlar kesimida “yoʻl xarita”si ishlab chiqilgan.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi doirasida 24 mingdan ortiq yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qariyb 621 milliard soʻm kredit mablagʻi soʻrab murojaat qilgan. Hududiy komissiyalar tomonidan 2018-yil uchun 324 tadbirkorning 51 milliard soʻmlik loyiha hujjatlari saralab olingan. Ushbu loyihalarning amalga oshishi bilan 3 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish moʻljallangan.

Bugungi kunga qadar 49 nafar yoshning 6 milliard 453 million soʻmlik loyihalari moliyalashtirilgan.

– Har bir fermerga ish bilan band boʻlmagan bir yoshni biriktirgan holda, gʻalladan boʻshagan yerlar hisobidan takroriy ekin uchun janubiy tumanlarda 1 gektar, boshqa tumanlarda 5 gektargacha yer maydoni ajratilishi belgilandi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi boʻlim boshligʻi S.Baltashev. – Hozirgi kunda 1 ming 500 dan ortiq yoshga 1 ming 600 gektarga yaqin yer maydoni ajratilgan.

Yoshlar ittifoqi va tijorat banklari oʻrtasida imzolangan memorandum asosida yosh tadbirkorlarga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyasi asosida imtiyozli kreditlar ajratish belgilangan edi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlaridan 67 nafar yosh tadbirkorning roʻyxati shakllantirilib, ulardan 51 nafariga tavsiyanomalar berilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maʼlumotlariga koʻra, “Bandlik” dasturiga muvofiq, 2018-yil yanvar-avgust oylarida hududiy Bandlikka koʻmaklashish markazlariga jami 11 ming 654 nafar yosh ish soʻrab murojaat qilgan, ularning 6 ming 100 nafardan ortigʻi ishga joylashtirilgan.

Umuman, hududda hozirgi kunda bandligi taʼminlanmagan yoshlar roʻyxati shakllantirilib, ularni kasbga qayta oʻqitish, hunarmandchilik, tomorqadan samarali foydalanish va tadbirkorlikka jalb etish ishlari olib borilmoqda.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA