Nega ayrim mutaxassisliklar boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalari umuman mavjud emas?

2017-2018 oʻquv yili uchun tasdiqlangan oʻquv rejalarida nazarda tutilgan yuridik fanlarning umumiy soni jami 153 tani tashkil etadi. Shundan faqat 128 fan yuridik adabiyotlar – darslik, oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlangan. Bu 25 fan uchun darsliklar yoʻqligini anglatadi. Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuridik adabiyotlar yetarli emas, taʼminlanganlik darajasi oʻta past. 
Davlat huquqi va boshqaruvi, soliq va bojxona, shartnoma huquqi, korporativ huquq, tabiiy resurslar huquqi, jinoyat qonunchiligini nazariya va amaliyotda qoʻllash mutaxassisliklari boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalari, afsuski, umuman mavjud emas.
Eng achinarlisi, bugungi kunda yuridik taʼlimda foydalanib kelinayotgan yurisprudensiya yoʻnalishiga oid adabiyotlarning aksariyati mazmunan eskirgan. Ularning deyarli barchasi 2000-2014 yillarda yaratilgan. Vaholanki, tez-tez oʻzgarib, taraqqiy etib boradigan siyosiy jarayonlar yuridik adabiyotlarni muntazam mukammallashtirib borishni taqozo etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetida oʻtkazilgan davra suhbati yakunida ana shularni inobatga olgan holda yangi yuridik adabiyotlar yaratish samaradorligini va huquqiy savodxonlikni oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA