Bugun Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “Taʼlim va mutaxassislik” XIX Xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.
Koʻrgazma 2 yoʻnalishda, yaʼni taʼlim va bandlik yoʻnalishlarida tashkil etilmoqda. Unda AQSH, Xitoy, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Latviya, Chexiya, Angliya, Malayziya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveysariya, Singapur kabi davlatlardagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari va ularning Oʻzbekistondagi filiallari, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari, xorijda taʼlim olishga koʻmaklashuvchi tashkilotlar, nodavlat taʼlim muassasalari hamda oʻquv kurslari ishtirok etmoqda.
Koʻrgazmadan asosiy maqsad mamlakatimizdagi hamda dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida mavjud boʻlgan kasb va mutaxassislik yoʻnalishlari bilan yoshlarni tanishtirish, kasb tanlashga koʻmaklashish, hukumatimiz tomonidan taʼlim sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni targʻib qilish, boʻsh ish oʻrinlari haqida yoshlarga maʼlumotlar berish, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashishdan iborat.
Koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar oʻquv yurtlarida mavjud mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olishning imkoniyatlari, qoʻshimcha hunar oʻrganish yoki malaka oshirish istagida boʻlgan yoshlarga respublikamizda faoliyat olib borayotgan oʻquv markazlari hamda ulardagi mavjud yoʻnalishlar haqida maʼlumot olish mumkin.
Bundan tashqari, oʻquv yurtlarini jihozlash uchun ishlab chiqarilgan, texnik vositalar, oʻquv-metodologik adabiyotlar, mebel-jihozlar va kompyuterlashtirishning eng oxirgi yutuqlari bilan tanishtirish, mamlakatimiz va xorijdagi oliy oʻquv yurtlari, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari, xususiy maktablar, til markazlari, respublikamizdagi mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot beriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi markazlar tomonidan yoshlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish va xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan bepul toʻgaraklar va oʻquv kurslarida taʼlim olish toʻgʻrisidagi taqdimotlar ishtirokchi yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Eslatib oʻtamiz mazkur koʻrgazma 3 kun davom etadi.
I.Ahatova, OʻzA