Taqiqlangan tashkilotlar aʼzolariga tinch hayotga qaytish imkoni beriladi(mi?)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Farmon terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, shu jumladan, Oʻzbekiston hududidan tashqarida boʻlgan, oʻz qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan va tuzalish yoʻliga oʻtgan fuqarolarga Vataniga, oilasi bagʻriga, tinch hayotga qaytish imkonini berish maqsadida qabul qilingan.
2018 yil 1 noyabrdan boshlab terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan Oʻzbekiston fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi. Komissiya tomonidan salbiy xulosa chiqarilgan taqdirda barcha holatlar qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston fuqarolari ushbu farmonga muvofiq, aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlsa va tuzalish yoʻliga oʻtgan boʻlsa, Jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan boʻlsa, taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yoʻli bilan jalb etilgan boʻlsa, taqiqlangan tashkilotlarning gʻoyaviy yoki maʼnaviy rahnamosi boʻlmagan boʻlsa, jangovar harakatlarda va qoʻporuvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan boʻlsa, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda oʻquv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan oʻtmagan boʻlsa, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan boʻlsa jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Ushbu Farmon bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish bilan bogʻliq jinoyatni qayta sodir etgan shaxsning takroriy murojaati koʻrib chiqilmaydi.

 

N.Nasriyev, OʻzA