Davlat bojxona qoʻmitasida Afgʻoniston delegatsiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosat borasida qoʻshni davlatlar bilan konstruktiv va oʻzaro manfaatga asoslangan islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu oʻz navbatida Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstona muhit yaratishga xizmat qiladi. Oʻtmishi va kelajagi bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston va Afgʻoniston munosabatlari ham ikki davlat Prezidentlarining muntazam uchrashuvlari natijasida tobora rivojlanib bormoqda. 
Davlat bojxona axborot xizmatining taʼkidiga koʻra, Afgʻoniston Islom Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona departamentining yurtimizga tashrifi ham ikki davlat bojxona xizmatlari hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Mazkur tashrif doirasida Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Murotjon Azimov Afgʻoniston Islom Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona departamenti Bosh direktori Ahmad Reshod Popal bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va yaqin qoʻshnichilik, savdo-iqtisodiy aloqalar tobora rivojlanib borayotganligi qayd etildi. Bu esa har ikkala mamlakatning bojxonaga doir tartib-taomillarini uygʻunlashtirish va oʻzaro axborotlar almashinuvini takomillashtirishni taqozo etadi. Shu jihatdan olib qaralganda Ahmad Reshod Popalning Toshkentga safari bu boradagi amaliy harakatlarni faol bosqichga olib chiqadi.
Taʼkidlash joizki, afgʻonistonlik bojxonachilar delegatsiyasining Toshkentga safari 16 sentyabrdan boshlangan boʻlib, mazkur tashrif Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida 2018 yil uchun xavfsizlik masalalari boʻyicha qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” ijrosi doirasida tashkil qilingan. Tashrif davomida ikki tomon ekspertlari bojxona idoralari oʻrtasida tizimlarning muvofiqligi va axborot almashinuvini taʼminlash, chegarada bojxona jarayonlari va protseduralarini uygʻunlashtirishga doir koʻplab masalalarni keng muhokama qilishdi.
Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi Murotjon Azimov va Afgʻoniston Islom Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona departamenti Bosh direktori Ahmad Reshod Popal Bojxona ishida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning amalga oshirilishi boʻyicha Oʻzaro harakatlar rejasini imzoladi.
Shu kuni mehmonlar Davlat bojxona qoʻmitasining “Bojxona tarixi” muzeyi, Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish va ekspertiza boshqarmasi, Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

 

N.Nasriyev, OʻzA