Poytaxtimizda 19-sentyabr kuni “Oʻzbekiston va Germaniya: Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyot sohasida hamkorlik” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Germaniyaning Fridrix Ebert jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro tadbirda Oʻzbekiston – Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish, mamlakatimizga chet el investitsiyalarini jalb etish, Germaniyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan keng miqyosdagi aloqalarini yoʻlga qoʻyish, mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari D.Ahatov, Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Xenriyetta Kifer, YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor va boshqalar ikki mamlakat hamkorligi doirasida erishilgan yutuqlar, Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni taʼminlash masalalari xususida soʻz yuritdi.

Hozirgi kunda xalqimiz tarixiy oʻzgarishlar davrida yashamoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar davlat va jamiyat boshqaruvining barcha jabhalarida, mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Iqtisodiyot, ilm-fan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yuqori texnologiyalarni tatbiq etish borasidagi izchil ishlar Oʻzbekistonning rivojlangan mamlakatlar bilan raqobatlasha oladigan davlat boʻlib shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Olib borilayotgan oqilona siyosat va jadal islohotlar natijasida Oʻzbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahonda barqaror, iqtisodi izchil taraqqiy etib borayotgan mamlakat sifatida tan olinmoqda.

Germaniya ham Oʻzbekistonga xalqaro miqyosdagi hamkori sifatida qaraydi. Ushbu mamlakat Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni va Afgʻonistonda barqaror vaziyatni taʼminlash borasidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda. Jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston – Germaniya munosabatlariga aniq dalil sifatida ikki mamlakatning xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi qoʻshma saʼy-harakatlarini keltirish mumkin.

Davra suhbatida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, investitsiyalarni jalb etish, biznes muhitini yaxshilash boʻyicha Germaniya bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm, qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash kabi sohalarda oʻzaro aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA