Paxta hosildorligini oshirish talablariga eʼtiborli boʻlaylik

Joriy yil bahor oylarining salqin va quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Natijada oldingi yillarga nisbatan gʻoʻza rivoji 15-20 kunga kechikdi. Bu esa uning parvarishiga jiddiy eʼtibor qaratishni, xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslikni taqozo etdi. 
Ayniqsa, kultivatorlarni samarali ishlatish, tuproqni chuqur yumshatish, mineral oʻgʻitlar va suvdan oqilona foydalanish, biostimulyatorlarni qoʻllash, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi tizimli kurashish va nazorat ishlariga oʻta masʼuliyat bilan yondashishni talab etmoqda. Shunga qaramasdan joylarda bu ishlarga yetarlicha eʼtibor bermagan fermer xoʻjaliklari koʻplab uchraydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 avgustdagi “Gʻoʻza parvarishida yuzaga kelgan murakkab vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda hosil qoʻshishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etishda muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Joylarda gʻoʻza qator oralariga oʻz vaqtida ishlov berish tashkil etilmagani va malakali mexanizatorlar yetishmasligi ham kutilgan natijani bermayotgani kuzatildi. Sifatsiz va oʻz muddatida bajarilmagan kultivatsiyada yoqilgʻi ortiqcha isrof boʻlib, gʻoʻzaga ham foyda bermaydi.
Mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirishda azotli oʻgʻitlar yetarlicha berilayotgan boʻlsada, fosforli va kaliyli oʻgʻitlar taʼminotida yetishmovchiliklar mavjudligi paxta hosilining salmogʻi va sifatini oshirishga salbiy taʼsir etmoqda. Masalan, kaliyli oʻgʻitlar gektariga sof holda 80-100 kilogramm qoʻllanilishi tavsiya etilgan boʻlsada, hozir baʼzi joylarda gektariga 10-15 kilogrammdan solinmoqda xolos. Fosforli oʻgʻitlar taʼminoti ham 40-50 foizni tashkil etadi. Bu esa paxtaning bardoshliligi kamayib borishiga va hosildorlikning kamayishiga olib kelmoqda.
Joriy yilda gʻoʻza rivojini jadallashtirish, hosildorlikni oshirish maqsadida viloyatlarda stimulyatorlarni qoʻllash boʻyicha dala seminarlari oʻtkazildi. Sifatli paxta yetishtirish uchun mahalliy xomashyolardan ishlab chiqarilgan biostimulyatorlar joriy etildi.
Gʻoʻza suvga kelgan davrda guli tepaga chiqib, qattiq chanqashiga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Negaki, havo harorati yuqori boʻlgan davrda sugʻorish ishlari kechiktirilsa gʻoʻza past boʻyli boʻlib qoladi, hosili, gul va tugunchalarini juda tez toʻkib yuboradi. Tajribadan maʼlumki, sugʻorishning kechiktirilishi hisobiga hosildorlik gektaridan 4-5 sentnerga kamayadi.
Bu yilgidek suv tanqis sharoitda dalani begona oʻtlardan tozalamasdan turib sugʻorish mumkin emas. Chunki begona oʻtlar gʻoʻzaga nisbatan suvni tez va koʻp oʻzlashtirishi oqibatida gʻoʻza suvga qonmaydi, bu esa suvdan foydalanish samarasini keskin pasaytirib yuboradi. Begona oʻtlarga qarshi asosan qoʻl kuchi yordamida kurash ishlari olib borilmoqda. Joylarda begona oʻtlarga qarshi gerbitsidlarni qoʻllashga eʼtibor juda kam. Natijada qoʻlda chopiq ishlari ortiqcha xarajat va ogʻir qoʻl mehnati boʻlishi bilan birga gʻoʻza koʻchati sonining kamayib ketishiga olib kelmoqda.
Gʻoʻzani chilpish ham eng muhim ishlardan sanaladi. Zero respublikamiz paxtachiligida gʻoʻzada chilpish oʻtkazmasdan yuqori va ertagi hosil yetishtirish juda qiyin. Bu tadbirni maqbul muddatda sifatli bajarish orqali oʻsimlikning rivojlanishini jadallashtirish, koʻsaklarning ochilishini 8-10 kunga tezlashtirish hamda hosildorlikni gektariga 6-8 sentnergacha oshirish mumkin.
Maʼlumki, defoliatsiya koʻsaklar ochilishni tezlashtirish va terimni mashinada yoki qoʻlda uyushqoqlik bilan terib olishga sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladi. Baʼzan 80-90 foiz koʻsaklari ochilgan dalalarda ham defolyatsiya oʻtkaziladi. Qolgan 10-20 foiz paxta juda qisqa muddatda tabiiy ravishda ham ochilishi mumkin. Shuningdek, baʼzi viloyatlarda birinchi terim yakunlanib, 60-70 foiz hosil terilgandan keyin ham defoliatsiya oʻtkaziladi. Bu ortiqcha xarajat va atrof-muhitni ifloslantirishdan boshqa narsa emas. Shu boisdan defolyatsiya tadbiri erkin amalga oshirilishi lozim.
Paxta terimini toʻgʻri tashkil etmaslik oqibatida ham 15-20 foiz hosil yoʻqotiladi. Bu yaxshi ochilmagan dalalarda terimni boshlash, terimchilarni ishlashiga qulay sharoit yaratmaslik, paxtani chala va sifatsiz terish natijasida yuzaga keladi. Talablarga muvofiq, koʻsaklari 70-
80 foiz ochilgan dalalarda terim boshlanishi, tarozi va tirkamalar yetarlicha boʻlishi, terimchilarga issiq ovqat va boshqa sharoitlar yaratilishi lozim. Terimlar oraligʻi 10-12 kundan kam boʻlmasligi kerak.
Paxtachilikda hozirgi global iqlim oʻzgarishi davridan kelib chiqib, shunga mos ravishda agrotexnik tadbirlarning bajarilishini ilmiy asosda tashkil etish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin. Buning uchun joylarda yuqori malakali olim va mutaxassislardan iborat konsultativ markazlar tashkil etilishi va ularda pullik xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi, har bir muammoni joyida xal etish kabi tizimli natijador ish yuritish tartibi yoʻlga qoʻyilishi tavsiya etiladi.
Shuhrat Abdualimov,
Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va 
yetishtirish agrotexnologiyalari 
ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri,
qishloq xoʻjalagi fanlari doktori

 

OʻzA