Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev 18-sentyabr kuni AQSHning diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi S.Braunbek boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar qaror topgani qayd etildi. Mamlakatlarimizning diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, eʼtiqod erkinligi va diniy faoliyat uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi tajribasi haqida fikr almashildi.
Delegatsiya aʼzolari mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, eʼtiqod erkinligini himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berdi. Diniy erkinlikni taʼminlash masalalari boʻyicha AQSH bilan yoʻlga qoʻyilgan amaliy muloqot oʻz natijalarini berishiga ishonch bildirildi.
Tashqi ishlar vazirligida oʻtgan uchrashuvda joriy yil iyul oyida Vashingtonda oʻtgan xalqaro konferensiya doirasidagi muzokaralarning davomi sifatida diniy erkinliklar taʼminlanishi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
AQSH delegatsiyasi Oʻzbekiston musulmonlari idorasida ham uchrashuv oʻtkazdi. Elchiga vijdon va eʼtiqod erkinligi, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, diniy tashkilot faoliyati haqida soʻzlab berildi.
Uchrashuv soʻnggida mehmonlar Moʻyi Muborak madrasasida saqlanayotgan Usmon Musʼhafi va Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy-maʼrifiy yodgorliklar bilan tanishdi.