Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan iqtisodiy manfaatdorlik asosida ixtiyoriy paxta yigʻim-terimiga chiqish istagida boʻlgan fuqarolarni uyushtirilgan tartibda paxta maydonlariga yuborish boshlandi.
Paxta terimida ixtiyoriy qatnashish istagida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga murojaat qilgan fuqarolarning bir guruhi, yaʼni 96 nafari Xorazm viloyati Urganch shahridan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga kuzatildi. Koʻngilli fuqarolarning aksariyati Shovot, Yangiariq va Urganch tumanlaridan murojaat qilgan.
Eslatib oʻtamiz, bu yilgi paxta terimi faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “terimuzbot” telegram tarmogʻi, www.terim.uz sayti, shuningdek, (0371) 200-06-02 telefon raqami va Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga murojaat qilish orqali tashkillashtiriladi. Koʻngilli sifatida murojaat qilgan fuqarolar davlat tomonidan transport xizmati, yotoq joy hamda bepul tushlik ovqat bilan taʼminlanadi.
Bu yilgi paxta mavsumida aholi kam boʻlgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida qoʻlda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda – 950 soʻm, ikkinchi terimda – 1150 soʻm va uchinchi terimda – 1300 soʻm, boshqa hududlarda esa 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 650 soʻm, ikkinchi terimda 850 soʻm va uchinchi terimda 1000 soʻm toʻlanishi belgilangan.
Paxta terimida ixtiyoriy tarzda qatnashish istagini bildirgan fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinadi hamda ular uchun paxta mavsumida barcha zarur sharoitlar yaratib beriladi.
Fuqarolar murojaatlari boʻyicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan koʻngilli fuqarolarni paxta terimiga yuborish davom etmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Axborot xizmati
O’zA