Umid Ahmadjonov: “Maqsadimiz – Tokio olimpiadasida munosib ishtirok etish”

Siz kutgan suhbat
Joriy yil oʻzbek sporti uchun muvaffaqiyatlarga boy yil boʻlmoqda, deyish uchun toʻla asos yetarli. Toʻgʻri, hali mavsum yakunlanishiga ancha bor. Ammo 2018 yilgi musobaqalar taqvimidan oʻrin olgan eng nufuzli sport anjumani – Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida atletlarimiz misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdiki, endi yilning qolgan qismida sportchilarimiz qanday natija qayd etishlaridan qatʼiy nazar – mavsumni ijobiy baholashga haqlimiz. Quvonarlisi, sportchilarimiz shu tariqa istiqlolimizning 27 yillik toʻyiga munosib sovgʻa hozirlashdi. Zotan, bungacha Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Osiyo oʻyinlarida olti marotaba ishtirok etgan boʻlsa-da, hech qachon bu qadar yorqin gʻalabalarni qoʻlga kiritishmagan edi. Savol tugʻiladi: bu muvaffaqiyatlarimiz omili nimada? Shu maqsadda biz Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov bilan suhbatlashdik.
— Umid Maxamatjonovich, xabaringiz bor, yaqinda Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ushbu musobaqada hamyurtlarimiz ham son, ham sifat borasidagi koʻrsatkichlarini yaxshilashdi. Aytingchi, bu muvaffaqiyatlarning siri nimada? Eʼtibormi, moddiy manfaatdorlikmi yoki biz bilmagan boshqa omillar bormi?
— Buni hech qanday siri yoʻq, shunchaki tayyorgarlik bosqichiga jiddiy eʼtibor qaratdik. Barcha sport turlari boʻyicha terma jamoalarimiz soʻnggi 3-4 oy ichida uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etdi. Orada esa xalqaro musobaqalarda toblanib borishdi. Oʻz navbatida, Milliy olimpiya qoʻmitasi sportchilarimizning Osiyo oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrishi uchun barcha sharoitni yaratib berdi. Albatta, davlatimiz tomonidan koʻrsatilgan eʼtibor va gʻamxoʻrliksiz bunday natijalarga erisha olmasdik. Xabaringiz bor, mamlakatimizda sport taraqqiyoti, uning rivojlanishi shaxsan Prezidentimiz nazoratlarida turadi. Soʻnggi 2 yil ichida sohani yanada rivojlantirish, xalqaro maydondagi gʻalabalar salmogʻini oshirish, sportda boshqaruv tizimini takomillashtirish borasidagi davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan farmon va qarorlar biz – sport ahli uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Samarqand tumanida universal olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar oʻtkazish markazi;
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Aziya-Chimgan” mehmonxonasi negizida milliy terma jamoalar uchun universal olimpiya tayyorgarligi markazi;
Jizzax viloyati Zomin tumanida “Aloqachi” sogʻlomlashtirish oromgohi negizida gimnastika sport turi boʻyicha olimpiya tayyorgarligi markazi;
Namangan viloyati Chortoq tumanida serjantlar tayyorlash maktabi negizida sport oʻyinlari boʻyicha olimpiya tayyorgarligi markazi;
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “Gulnora” sogʻlomlashtirish oromgohi negizida yakkakurash sport turlari boʻyicha olimpiya tayyorgarligi markazi Milliy olimpiya qoʻmitasi ixtiyoriga oʻtkazib berildi. Aytmoqchi boʻlganim sportchilarimizning Osiyo oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrishi uchun barcha sharoit yaratib berildi. Bu qilingan mehnatlar samarasini esa Indoneziyadagi Osiyo oʻyinlari koʻrsatib berdi.
— Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo oʻyinlari yana shunisi bilan Oʻzbekiston sporti tarixiga muhrlandiki, unda ilk bor milliy faxrimiz boʻlgan KURASH rasman musobaqa dasturidan joy oldi. Bevosita jarayonlarni kuzatgan mutaxassis sifatida kurashning istiqbolini qanday koʻryapsiz?
— Avvalo shuni taʼkidlashni istardimki, milliy sportimizning Osiyo oʻyinlari dasturidan oʻrin egallashi butun oʻzbek sportining ulkan yutugʻi boʻldi. 20 yil deganda Kurash nihoyat Osiyo oʻyinlari dasturiga kirdi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizning ajralmas qismi boʻlgan Kurash qitʼamizning eng nufuzli musobaqasida katta qiziqish va hayajon bilan qarshi olindi. Bu esa har bir vatandoshimiz qalbida faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotishi shubhasiz. Bevosita musobaqaga keladigan boʻlsak unda oʻzbek oʻgʻil-qizlari yaqqol ustunlikka ega boʻldi. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emasdi aslida.
7 ta vazn toifasida oʻtkazilgan bellashuvlarning oltitasida oltin medallar oʻzbekistonlik polvonlarga nasib etdi. Osiyo oʻyinlari davomida Kurashning ommaviyligi, ushbu sport turiga boʻlgan qiziqishni hisobga olib, Osiyo Olimpiya Kengashi rahbarlari navbatdagi musobaqalarda Kurash boʻyicha bellashuvlar vazn toifalarini yettitadan 10 yoki 12 tagacha koʻtarish taklifini bildirishdi. Demak, 2022 yilgi Osiyo oʻyinlarida Kurash boʻyicha musobaqalar bundan-da koʻproq vazn toifalarda oʻtkaziladi. Umid qilamanki, kelajakda Kurashni Olimpiya oʻyinlari dasturida koʻrish ham bizga nasib etadi.
— Odatda Osiyo oʻyinlari yana ikki yildan keyin oʻtkaziladigan navbatdagi yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi. Indoneziyada tashkil etilgan musobaqada Oʻzbekiston sport delegatsiyasi tarkibida Anton Fokin, Vadim Menkov, Oksana Chusovitina singari faxriy sportchilarimiz ham ishtirok etishdi va terma jamoamiz hisobiga oʻz medallarini qoʻshib qoʻyishdi. Ammo ularning yana ikki yildan keyin Tokio olimpiadasiga borish imkoniyati qay darajada va ularga munosib zaxira tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Toʻgʻri taʼkidlab oʻtdingiz, darhaqiqat qanchalar achinarli boʻlmasin vaqt baribir oʻz soʻzini aytadi. Siz sanab oʻtgan sportchilarning har biri oʻzbek sporti tarixida oʻchmas iz qoldirgan va biz buni yuksak qadrlaymiz. Indoneziyada biz tajriba va yoshlik shijoatini uygʻunlashtirishga harakat qildik va buni uddalay oldik, deb oʻylayman. Vadim Menkov haqiqiy professionallarga xos tarzda harakat qildi va yakunda oltin medalni qoʻlga kiritib, Osiyo oʻyinlarining toʻrt karra gʻolibligiga sazovor boʻlgan birinchi oʻzbek sportchisiga aylandi. Oksana Chusovitinaning tajriba va irodasi oldida bosh egmay ilojimiz yoʻq. 43 yoshida hamon yuksak sport formasini saqlab turish, 16-17 yoshli raqiblar bilan bellashib, yana sovrinli oʻrinlarga ega chiqish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Oksana yettita yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Shuningdek, AQSHda Xalqaro gimnastika federatsiyasining “Shon-sharaf” zalidan oʻrin olgan. Eʼtiborlisi hamyurtimiz hali faoliyatini yakunlamay turib shon-sharaf zaliga kiritilgan dunyodagi birinchi gimnastikachi sifatida tarixga kirdi. Jakartada Oksana oʻzining sevimli yoʻnalishi – tayanib sakrashda kumush medalni qoʻlga kiritdi. Agar Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlariga qadar ana shunday yuksak sport formasini ushlab tura olishsa, biz bu sportchilarimizning Olimpiadada ishtirok etishlari uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Shu bilan birgalikda ushbu sportchilarimizni kelajakda ustozlik rolida koʻrish istagimiz bor. Maqsadimiz ularni murabbiylik ishiga jalb qilib, ulkan tajribasidan foydalanish, yosh avlod tarbiyasini ularga ishonib topshirish va oʻzlariga oʻxshagan haqiqiy professional yulduzlarni yetishtirib berishlarini taʼminlashdan iborat. Zaxira masalasiga kelsak, sizni ishontirib aytamanki Tokio Olimpiadasida bir necha yangi nomlarni koʻrasiz. Bu borada hozir katta hajmda ish olib borilmoqda. 6 oktyabr kuni Buenos-Ayresda start oladigan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlari ham koʻp narsaga oydinlik kiritib berishi kerak.
— Osiyo oʻyinlarida qaysi sport turlarida erishgan yutuqlarimizdan koʻnglingiz toʻldi va aksincha, qaysi sport turlari hafsalangizni pir qildi?
— Bilasizmi, biz Osiyo oʻyinlarida bundan-da koʻproq medallarga ega chiqishni, natijalarni bir muncha yaxshilashni maqsad qilib qoʻygandik. Toʻgʻri, Indoneziyada biz Osiyo oʻyinlari tarixidagi eng yaxshi natijamizga erishdik, medallar sifati va soni boʻyicha ham rekordlarni yangiladik. Ammo shunga qaramay baʼzi sport turlarida terma jamoamiz aʼzolari kutilgan natijalarni koʻrsata olishmadi. Masalan jiu-jitsu, penchak silat, oʻq otish, suv sporti turlari, qilichbozlik, triatlon kabi sport turlaridan ham medallar kutgandik. Lekin quvonarlisi shundaki, ushbu kemtik joylarni olimpiya sport turlarida vakillarimiz koʻplab medallarga ega chiqib toʻldirib berishdi. Boks, sport kurashlari, taekvondo WTF, baydarka va kanoeda eshkak eshish, ogʻir atletika, yengil atletika, akademik eshkak eshish, tennis, karate, dzyudo, badiiy va sport gimnastikasi kabi sport turlari ana shular jumlasidandir. Albatta, ular qatorida milliy sportimiz Kurash alohida eʼtirofga sazovor boʻldi. Polvonlarimiz Osiyo oʻyinlarida delegatsiyamiz hisobiga 6 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza, jami 12 ta medal qoʻshib qoʻyishdi va umumiy muvaffaqiyatimizga katta hissa qoʻshishdi. Shuningdek, musobaqada sambochilarimiz ham barchamizni xursand qilishdi.
— Mamlakat futboliga javobgar shaxslardan biri sifatida Osiyo oʻyinlarida terma jamoamizning ishtirokiga qanday baho berasiz? Ravshan Haydarov shogirdlariga muxlislarimiz uzoq vaqtdan beri orziqib kutayotgan oltin medalni qoʻlga kiritishlari uchun nima yetishmadi?
— Janubiy Koreyaga qarshi kechgan chorak final uchrashuvini koʻpchilik televizor orqali koʻrgan boʻlsa kerak. Biz oʻyinni bevosita stadiondan kuzatdik. Musobaqaning amaldagi chempioni bilan futbolchilarimiz tengma-teng kurash olib borishdi. Biz ikki marta hisobda ortda qolayotib, muvozanatni tiklashga erishdik, hattoki hisobda oldinga ham chiqib oldik. Ammo, kutilmaganda yoʻl qoʻyilgan xatolar bizga qimmatga tushdi. Ochigʻi oʻsha kuni futbolchilarimiz maydonda borlarini berishdi. Kuchli raqib qarshisida oʻzlarini yoʻqotib qoʻyishmadi va gʻalaba uchun kurash olib borishdi. Ammo futbolda gʻalaba va magʻlubiyat doimo yonma-yon yuradi. Afsuski shu kuni omad koreyalik futbolchilar tomonida boʻldi. Toʻgʻri, omad kuchlilarga kulib boqadi deyishingiz mumkin. Ammo biz hech bir jabhada raqibdan kuchsiz emasdik. Buni barcha koʻrdi.
— Oldinda mamlakatimiz atletlarini Argentinada oʻtkaziladigan oʻsmirlar oʻrtasidagi III yozgi Olimpiya oʻyinlari kutib turibdi. Mazkur musobaqaga tayyorgarlik qay darajada ketmoqda va unda sportchilarimiz imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
— III yozgi oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik avj pallasida. Bu musobaqa biz uchun gʻoyatda muhim, chunki Argentinada bizning eng yaqin zaxiramiz ishtirok etadi. Quvonarlisi, yosh sportchilarimiz bu borada ham yangi rekord oʻrnatishdi. Yaʼni 2010 yili Singapurda boʻlib oʻtgan I oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida 21 nafar hamyurtimiz ishtirok etgan boʻlsa, 2014 yilda Nankinda 28 nafar oʻzbekistonlik sportchi gʻoliblik uchun kurash olib borgandi. Bu safar esa Argentinaga 36 nafar yoshlarimiz litsenziya qoʻlga kiritishgan edi. Bugun (17.09.2018y.) Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) dan xushxabar keldi. Gap shundaki qizlar oʻrtasida boks boʻyicha 51 kilogramm vazn toifasida Xursanoy Xolmatova ham Buenos-Ayres Olimpiadasiga litsenziya olibdi. Demak III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 37 nafar sportchi bilan ishtirok etadi.
Biz Buenos-Ayresda medallar soni va sifati boʻyicha ham natijalarni yaxshilash niyatidamiz. Argentina arenalarida oʻzini har tomonlama koʻrsatadigan sportchilarimiz nasib qilsa yana 2 yildan soʻng Tokio 2020 Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilish imkoniga ega boʻladi. Toʻrt yillik siklda biz olib borayotgan ishlarning barchasi kunchiqar yurtda tashkil etiladigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etish, natijalarni yanada yaxshilash, jonajon diyorimizni butun dunyoga mashhur qilish, oltin va kumush medallar bilan biz uchun duoda boʻlib turgan xalqimiz va Prezidentimizni xursand qilishga qaratilgan.

 

Otabek Eshmamatov suhbatlashdi, OʻzA