2019-2022-yillarda Oʻzbekistonda futbolni yanada rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar hamda sportchilar va soha xodimlari uchun yaratib berilayotgan zarur shart-sharoitlar evaziga bugungi kunda yurtimiz sportchilari Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari kabi eng nufuzli xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, Vatanimizning kuch-qudratini butun dunyoga namoyish qilmoqdalar.
Davlatimiz tomonidan futbolni ommalashtirish, futbol bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, milliy futbolimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda terma jamoamizning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar futbol harakatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda jahonda futbolning muttasil rivoj topishi, sportda yangi texnologiyalarning qoʻllanilishi, yangi-yangi rekordlarning oʻrnatilishi va raqobat tobora kuchayib borayotgani milliy futbolimizni yanada barqaror va jadal surʼatlar bilan rivojlantirish uchun yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va roʻyobga chiqarishni taqozo etmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, futbolning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish maqsadida respublikamizda futbolni rivojlantirishda uchrayotgan qator kamchilik va muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilash zarurati hamda ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilish va futbol jamoatchiligi muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan 2019-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. 
Ushbu strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
Futbol sohasining normativ-huquqiy bazasini shakllantirish: 
– Respublikamizda futbol sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro talablar va amaldagi qonunchilikka muvofiq yanada takomillashtirish;
Futbol sohasining boshqaruv tizimini takomillashtirish:
– OʻFA markaziy boshqaruv apparatining tuzilmasi va shtat birliklarini FIFA talablari asosida tanqidiy oʻrganib chiqqan holda tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, OʻFA Ustavini FIFA talablari va milliy qonunchiligimiz asosida qayta koʻrib chiqish va yangi tahrirda tasdiqlash, OʻFA markaziy boshqaruv apparatining funksional vazifalarini qayta koʻrib chiqish va boshqaruv apparatida ijro intizomini mustahkamlash;
Murabbiylar, hakamlar va futbol sohasidagi boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish: 
– Yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda futbol boʻyicha murabbiylar tayyorlash va malakasini oshirish, malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash maqsadida futbol boʻyicha murabbiylik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan shaxslar uchun joylarda murabbiylik kurslarini oʻtkazish, FIFA, UEFA va OFK mutaxassislarini jalb qilgan holda murabbiylik taʼlimi boʻyicha instruktorlarni tayyorlash yuzasidan ixtisoslashtirilgan kurslarni oʻtkazish; murabbiylarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishini (stajirovkasini) tashkil etish;
– 2020-yilda Tokioda boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari va 2022-yilda Qatarda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha jahon chempionatiga futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining sifatli va samarali tayyorgarlik koʻrishini va unda munosib ishtirok etishini taʼminlash;
– OʻFA va futbol boʻyicha milliy terma jamoaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlarda bugungi kun talablariga javob beradigan zamonaviy stadionlar infratuzilmasini barpo etish;
-Futbol sohasida isteʼdodli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya) faoliyati samaradorligini oshirish va oʻquv-mashgʻulotlar jarayonini sifatli tashkil qilish, bolalar-oʻsmirlar futbol akademiyalari faoliyatini rivojlantirish;
– Futbol sohasini ilmiy-metodik taʼminlash, sport yoʻnalishidagi yuqori malakali tibbiyot, fiziologiya, diyetologiya va psixologiya xodimlarini shartnoma asosida jalb etgan holda OʻFAning Ilmiy-metodik taʼminlash boshqarmasi qoshida “Futbol terma jamoalarini tayyorlashni ilmiy taʼminlash Markazi”ni tashkil etish, yuqori mahoratli futbolchilarni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalarni keng qoʻllagan holda ilmiy yondashish asnosida ishlarni tashkil etish;
– Oʻzbekiston Professional futbol ligasi musobaqalari saviyasini, imidjini oshirish, OʻzPFL xodimlarining kasbiy mahoratini va malakasini oshirib borish, Oʻzbekiston chempionati va Kubogi uchrashuvlariga muxlislar tashrifini oshirish;
– Oʻzbek futbolida amalga oshirilayotgan islohotlar, chora-tadbirlar, OʻFA va PFL faoliyatini yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarida va tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida keng yoritib borish, oʻzbek futbolidagi islohotlarga nisbatan keng jamoatchilik fikrini oʻrganish va bu boʻyicha tahliliy materiallar berib borish.

 

O’zA