Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashida Indoneziyada oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida munosib ishtirok etgan kasaba uyushma sportchilari taqdirlandi.

Joriy yilning 18 avgustidan 2 sentyabr kuniga qadar oʻtgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida 17 nafar kasaba uyushma sportchilari ogʻir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish va eshkakli slalom sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston sharafini himoya qildi.

Ushbu yoʻnalishlarda 6 nafar sportchimiz Oʻzbekiston delegatsiyasiga ikkitadan oltin, kumush va bronza medallarini keltirdi. Xususan, akademik eshkak eshish boʻyicha Shahboz Xolmirzayev va Shahboz Abdujabbarov oltin, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Elyorjon Mamadaliyev kumush, ogʻir atletikachi Doston Yoqubov kumush, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Shuhrat Mahkamov va Shohrux Aʼzamov bronza medallarni qoʻlga kiritdi.

Tadbir soʻnggida XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etgan 11 nafar sportchi va ularning murabbiylari munosib taqdirlandi.

 

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA