Transport-logistika, tranzit sohasi boʻyicha oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri. Bu nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy imkoniyatlarini yuksaltirish, balki Markaziy Osiyoni yagona mintaqa sifatida rivojlantirishni koʻzda tutadi. Shu maqsadda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ushbu jarayon uchun qulay siyosiy muhit yaratish, mintaqadagi mamlakatlar bilan barcha yoʻnalishlarda izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun muloqot maydoni yaratish borasida keng koʻlamdagi ishlar bajarilmoqda.
Joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari Toshkentda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiya mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar sirasidan.
Xalqaro press-klubning 17 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi sessiyasi ham ushbu xalqaro konferensiyaga bagʻishlandi.
Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisining birinchi oʻrinbosari Fazliddin Sagdullayev, Oʻzbekiston Avtomobil transporti agentligi boshligʻi Davron Dehqonov, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Umid Husanov, Tashqi savdo vazirligi masʼul xodimi Azizbek Salohiddinov, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyo, xususan, mamlakatimizning transport-tranzit salohiyati Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni oʻzaro bogʻlovchi geostrategik joylashuvi bilan belgilanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy transport tarmogʻini rivojlantirish sohasida xalqaro talablar va standartlarga javob beruvchi yaxlit kompleks strategiyani ishlab chiqish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yondashuv mamlakatimizni xalqaro transport tizimiga keng integratsiya qilishni taʼminlash, mintaqa mamlakatlarini jahon bozorlari bilan oʻzaro bogʻlovchi yaxlit xabga aylantirishni koʻzda tutadi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish iqtisodiy sektorlarni jadal harakatlantirishning muhim omilidir. Shu maqsadda yurtimizda “2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi” qabul qilindi.
Ushbu dastur Markaziy Osiyoda qoʻshimcha yuk tashish oqimlarini jalb etish imkonini beruvchi yangi yoʻl-transport infratuzilmasini taraqqiy ettirish, mintaqa transport-logistika salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratishning samarali uslublarini shakllantirish imkonini beradi.
Sessiya yigʻilishida Oʻzbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Kavkazdan Hind okeani portlariga chiqish yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro tranzit yuk tashishda ishtirok etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritildi. Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Oʻmon yangi transport yoʻlagini yaratish loyihalari haqida maʼlumot berildi.
Jurnalistlarning Markaziy Osiyoni Janub bilan bogʻlaydigan tranzit yoʻlaklari xavfsizligi, havo, avtomobil, temir yoʻllarida qoʻshni mamlakatlar hududlari boʻylab tranzit yuk tashishga boʻlgan yagona tariflarni qoʻllash tartibi, oʻtadigan xalqaro konferensiyaning Markaziy Osiyo davlatlarini xalqaro transport xabiga aylantirish borasidagi amaliy ahamiyatiga oid savollariga mutasaddilar javob qaytardi.
Ulugʻbek Shonazarov, Oqil Gʻulomov(surat) OʻzA