Prezidentimizning joriy yildagi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisidagi qarorida Koreya Respublikasining Kvandju shahrida Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Shunga muvofiq, 11-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Koreya Respublikasiga yetib bordi. Dastlabki muzokaralar Seul shahrida Koreya Respublikasi Kadrlar boshqaruvi vaziri Kim Pan Sok bilan boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida tomonlar davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish, davlat xizmati xodimlari malakasini oshirish va bu borada oʻzaro tajriba almashish kabi dolzarb masalalarni muhokama qildi. Xususan, vazir Kim Pan Sok Oʻzbekistonda kadrlar boshqaruvi tizimini takomillashtirish va “Davlat xizmatlari toʻgʻrisida”gi qarorni ishlab chiqishda har tomonlama yordam berishga, shuningdek, Koreya Respublikasida davlat xizmatchilarini oʻqitish masalalarini koʻrib chiqishga tayyorligini alohida taʼkidladi.
Sherzod Kudbiyev ham koʻrsatilgan iliq munosabat uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida kadrlar malakasini oshirish tizimi va davlat xizmatlari sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borishiga umid bogʻlayotganini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar davlat xizmati sohasida oʻzaro tajriba va maʼlumot almashish, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil Koreya Respublikasiga tashrifi yakunida imzolagan hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumni amalga oshiruvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.
OʻzA