Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Yaponiya parlamentida ikki tomonlama oʻzbek-yapon munosabatlariga doir tadbirlar boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi – Yaponiya parlamenti” parlamentlararo forumining navbatdagi majlisi va “Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha demokratik islohotlar va yangilanishlar yoʻli. Oʻzbekistonning Yaponiya bilan hamkorlik istiqbollari” nomli oʻzbek – yapon simpoziumi Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tashabbusi bilan Yaponiya parlamentining Oʻzbekiston bilan doʻstlik ligasi koʻmagida tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar Kunchiqar yurtda katta qiziqish uygʻotdi. Unda Yaponiyaning rasmiy, ishbilarmonlik va tadqiqot doiralari, oliy oʻquv yurtlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Parlamentlararo forumda ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Aloqalarni yanada kengaytirish, Yaponiya parlamentining doʻstlik ligasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Yaponiya bilan hamkorlik boʻyicha guruh oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, 2019 yilda mamlakatimizda Parlamentlararo forumning navbatdagi majlisini tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Simpozium ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakat ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari haqida xabardor qilindi.
Harakatlar strategiyasi ijrosiga kirishilganiga qisqa vaqt oʻtganiga qaramay amaliy natijalarga erishilgani alohida qayd etildi. Bu aholini tashvishga solayotgan muammolar hal etilishida, parlament va fuqarolik jamiyati institutlari roli oshirilishida, tadbirkorlik faoliyati sezilarli darajada kuchaytirilishida, shuningdek, Markaziy Osiyoda ishonch va barqarorlik muhiti mustahkamlanib borayotganida namoyon boʻlmoqda.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yangi yoʻnalishiga yuksak baho berdi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar keng koʻlamli, puxta oʻylangan va amaliy ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Bularning barchasi yurtimizning jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan safidan joy olishida muhim omil boʻlmoqda.
Yaponiyalik ekspertlar Oʻzbekiston Yaponiyaning tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy manfaatlari uchun strategik muhim mamlakat ekanini, davlatlarimizning strategik sherikligini yanada izchil chuqurlashtirishga koʻmaklashishga tayyorligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.