Bu yilgi haj mavsumi xushxabarlarga boy boʻldi. Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan qator qoʻlyozmalarning yurtga qaytarilish jarayonining boshlanishi, shayx Said Bekdoshning Oʻzbekistonga taklif etilishi va ular tomonidan nashrga tayyorlangan Burhoniddin Margʻinoniy qalamiga mansub “Hidoya” asarining yurtimizda chop etilishi yuzasidan kelishuvga erishilishi, Movarounnahr vaqflari qoʻmitasi raisi bilan olib borilgan muzokaralar va boshqa xayrli ishlar xalqimiz qalbiga ulkan quvonch olib kirdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari, “Haj-2018“ mavsumining ishchi guruh rahbari Nuriymon Abulhasan Masjid ul-Harom imomlaridan biri asli andijonlik, shayx Hasan al-Buxoriy bilan uchrashdi.
Shayx mehmonlarni yuksak ehtirom bilan kutib olib, “Ajdodlarim Vatani Oʻzbekistonni hali ziyorat qilolmagan boʻlsam-da, undagi oʻzgarishlardan xabardorman”, deb taʼkidlab oʻtdi. Xususan, Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilgan Qurʼon musobaqasi tadbiridan mamnun ekanligi, musobaqa tashkilotchilari va ishtirokchilarining ishlarini yuqori baholanishi, albatta ularning haqlariga duolar qilishini aytdi.
Bundan tashqari Masjid ul-Harom imom-xatibi shayx Faysal Gʻazzaviy ham ulamolar yurti, deya tanilgan Oʻzbekistonlik mehmonlarni yuksak ehtirom bilan oʻz xonadoniga taklif etdi. Shayx xonadonidagi suhbat ajdodlarimizning hayoti va ijodi, tariximizning islom va arab dunyosiga taʼsiri hamda Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar haqida boʻldi. Ayniqsa, Oʻzbekstonda hadis markaziga asos solinayotgani shayx Faysalni juda ham quvontirdi.
“Buyuk ajdodlar yurti islom olamida oʻzining oldingi yuksak mavqeiga qaytishi uchun ikki nuqtaga eʼtibor qaratmogʻi lozim: taʼlim va tarbiyaga. Bu ikkisi ikki qanotdek boʻlib, birisiz boshqasi foydasiz boʻladi” – dedi shayx Faysal al-Gʻazzaviy.
Ikki uchrashuv yakunida Nuriymon Abulhasan Masjid ul-Harom imom-xatibi shayx Faysal-Gazzaviy va shayx Hasan al-Buxoriyni Oʻzbekistonga taklif qildi. Ikki shayx kelgusi Qurʼon musobaqalari paytida yurtimizni ziyorat qilish istagida ekanligini bildirdi. Ular yurtimiz mutasaddilari va xalqimizni Masjid ul-Haromda duolar qilishini aytdi.
Muxtasar qilib aytganda, bu yilgi “Haj-2018“ mavsumi, yurtimiz va xalqimiz kelajagi uchun juda foydali kelishuvlarning boshlanishi bilan ham ahamiyatli boʻldi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
matbuot xizmati
O’zA