Xabar berganimizdek, ayni paytda poytaxtimizda joylashgan “Oʻzekspomarkaz”da Turon24 axborot agentligining ochilish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Tadbirda yurtimizda faoliyat yuritayotgan nufuzli ommaviy axborot vositalari, nashrlar, agentliklar vakillari, jurnalistlar ishtirok etmoqda. Ishtirokchilarning Turon24 axborot agentligi xususidagi fikrlari bilan OʻzA muxbirlari qiziqdi.
Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari Said-Abdulaziz Yusupov:
– Ommaviy axborot vositalarining koʻpayishi keyinchalik sifatli OAVlarning faoliyati yuzaga chiqishiga zamin yaratadi. Turon24 axborot agentligining muvaffaqiyatli ish boshlayotgani bilan tabriklayman. Chunki, oʻziga xos yoʻnalish – har ikki tarafning fikrini havola qilib, xulosani xalqning oʻziga tashlaydi. Bugungi kunning asosiy tamoyili – ovoz bir tarafdan emas, ikki tarafdan eshitilishi adolatni taʼminlaydi. Falsafiy nuqtai nazardan oladigan boʻlsak, qozi ham mazlum va zolimning ovozini eshitib hukm chiqaradi. Eng asosiysi, bu yerda qozi – xalq. Shu oʻrinda ushbu axborot agentligi informatsiya makonini tahliliy materiallar bilan ham boyitadi, deb umid qilaman.
Shahnoza Toʻraxoʻjayeva, bloger:
– Internet olamida faol foydalanuvchi bloger sifatida butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun axborotlar ulashuvchi mazkur portal faoliyat yurita boshlaganidan albatta quvondim. Boisi biz uchun mustaqil axborot manbalari qanchalik koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Turon24 saytini kuzatib, uning koʻrinishi, dizayni, axborotlarni taqdim etish usullari juda ixcham va qulay ekanligini alohida eʼtirof etaman.
Xususan, sayt boʻlimlarining oʻziga xosligi har qanday axborot oluvchini qiziqtira oladi. Keyingi faoliyatini kuzatib borib albatta baho beramiz.