Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar xodimlari, energetika sohasi mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi U.Mustafoyev sohadagi korxonalarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, tizimdagi debitor qarzdorlikni kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.
“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalar faoliyatiga doir yangicha yondashuvlar yaxshi samara bermoqda. Tizimda ish unumdorligini oshirishga qaratilgan eʼtibor samarasida joriy yilning birinchi yarmida 30,9 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Debitor qarzdorlik esa 3,9 trillion soʻmga qisqartirildi.
Majlisda “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatidagi kamchiliklar qayd etildi. Jumladan, korxonalarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga tizimdagi debitor qarzdorlikni kamaytirishda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Oʻtkazilgan soliq tekshiruvlarida aksiyadorlik jamiyatining ayrim korxonalari tomonidan 24,1 milliard soʻmlik muddati oʻtgan debitor qarzdorlik undirilmagani aniqlandi. Xususan, 4 milliard soʻmlik mahsulotlar oldindan toʻlovsiz realizatsiya qilingan. Bu boradagi tekshiruvlar natijasida mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi.
Tizim korxonalarida kadrlar bilan ishlash, koʻzboʻyamachilikning barvaqt oldini olish borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani tanqidiy tahlil qilindi. Bunda doimiy profilaktik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarining katta zaxiralari mavjud. Shunga qaramay, ularning yoqilgʻi-energetika sohasidagi ulushini oshirish boʻyicha ishlar sust olib borilmoqda. Shu munosabat bilan “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilariga bu boradagi ishlarni faollashtirish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Majlisda muhokama qilingan masalalar boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
D.Sunnatov, OʻzA