Butunjahon sayyohlik shaharlari federatsiyasining 2021-yilgi sammiti Samarqandda oʻtkazilishi mumkin

7-sentabrda Xitoyning Sindao shahrida Butunjahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF)ning navbatdagi sammitida Samarqand shahri ilk bor ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati.
2012-yilda Pekin shahrida asos solingan mazkur federatsiya oʻtgan olti yil davomida aʼzolari sonini 58 dan 202 tagacha kengaytirib, jahon miqyosida turizm sohasidagi yirik tuzilmalardan biriga aylandi. Ayni paytda sayyoramizdagi 66 mamlakat shaharlari federatsiya aʼzosi hisoblanadi.
Samarqand shahri mazkur sammitda mehmon sifatida ishtirok etdi va federatsiyaga aʼzolik masalasi koʻrib chiqildi.
Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.Nurullayev shaharning sayyohlik salohiyati, sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. B.Nurullayev oʻz taqdimoti yakunida WTCFning 2021-yilgi sammitini Samarqand shahrida oʻtkazish taklifini bildirdi.
Federatsiya sammiti har yili oʻtkazilsa-da ikki yilda bir marta Xitoy shaharlari mezbonlik qiladi. 2019-yilgi sammitni Xelsinki shahrida, 2020-yilda esa yana Xitoyda tashkil etish rejalashtirilgan.

 

Gʻolib Hasanov, OʻzA