2018 yilning 28 avgust sanasi Oʻzbekiston sporti tarixiga zarhal harflar bilan bitilajak. Boisi, shu kuni yozgi Osiyo oʻyinlari tarixida birinchi marotaba oʻzbek kurashi ustalari ham gʻoliblik uchun gilamga chiqishdi.
Aslida, milliy kurashimizni Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritish yoʻlidagi saʻy-harakatlar ancha oldin boshlangan va ilk bor 2002 yili Janubiy Koreyaning Pusan shahrida boʻlib oʻtgan XIV yozgi Osiyo oʻyinlarida koʻrgazmali chiqish namoyish etilgandi. Oradan toʻrt yil oʻtib Qatarning Doxa shahri mezbonlik qilgan XV yozgi Osiyo oʻyinlarida kurashimizni musobaqalar dasturiga kiritish yoʻlida muhim qadamlar tashlandi.
Ammo, keyinchalik bu jarayon negadir rivojlanish oʻrniga biroz susaydi. Ehtimol bunga oʻzbek kurashining yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgani ham oʻz taʻsirini koʻrsatgandir, ammo nima boʻlganda ham kurashning har toʻrt yilda oʻtkaziladigan qitʻamizning nufuzli sport anjumani dasturidan joy olish jarayoni biroz choʻzilib ketdi. Va nihoyat Indoneziya davlati mezbonlik qilayotgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlariga kelib kurash ham rasman musobaqalar dasturiga kiritildi. Bu milliy qadriyatimiz boʻlmish kurashning Olimpiya oʻyinlari oilasiga kirish yoʻlidagi muhim qadam, deyish mumkin.
XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari doirasidagi kurash musobaqalarida sariq qitʻaning 30ga yaqin davlatidan jami 174 nafar polvon gʻoliblik uchun bellashish istagini bildirishgan. Bu koʻrsatkich bilan ushbu musobaqa ancha-muncha sport turlaridan jahon chempionatlarini ortda qoldirdi. Eng quvonarlisi, kurash gilamida nafaqat Markaziy Osiyo, balki qitʻamiz va jahon sportida ham oʻz oʻrniga ega Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Indoneziya singari oʻnlab davlatlarning polvonlari oʻzaro bel olishishmoqda. Ularning har bir harakatini esa hakamlar sof oʻzbekona “halol”, “yonbosh”, “chala”, tanbeh”, “dakki” kabi iboralar bilan boshqarib borishmoqda. Natijalar oʻz yoʻliga, lekin mana shu misolning oʻziyoq bu millatimizning tarixiy gʻalabasi ekanidan nishona emasmi?! Axir necha-necha elu-elatlar, xalqlar, millatlar, kerak boʻlsa davlatlar oʻz milliy qadriyatini jahon sahnasiga olib chiqishni orzu qilishmaydi. Ammo, bunday baxtga eng munosiblargina musharraf boʻladi.
Osiyo oʻyinlaridagi bugungi gʻalabalarimizdan harqancha sarmast boʻlsak arziydi. Lekin vaqti kelib boshqa yurtlarning polvonlari ham xuddi dzyudo, erkin va yunon-rum kurashi, karate yoki taekvando singari milliy kurashimizni yaxshi oʻzlashtirib olishsa va bizning polvonlarga xalqaro maydonlarda imkon berishmasa, dunyoning eng nufuzli sport arenalarida “halol”, “yonbosh”, “chala”, tanbeh”, “dakki” kabi sof oʻzbekona iboralarning baralla yangrashi har bir OʻZBЕK farzandining qalbida cheksiz faxr va gʻurur tuygʻulari joʻsh urishiga sabab boʻladi.