Muhtaram Gurbanguli Malikguliyevich!
Hurmatli davlat rahbarlari!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalambor, hurmatli Gurbanguli Malikguliyevichga mehmondoʻstlik va bugungi sammit Turkmaniston gavhari boʻlgan goʻzal “Avaza” sayyohlik zonasidayuksak darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Oʻzbekiston Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik faoliyatini yuksak baholaydi.
Turkmanistonlik doʻstlarimiz tomonidan ushbu serqirra tuzilma faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, uning xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha katta amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ishonchim komilki, Jamgʻarma asoschilari boʻlgan davlatlar rahbarlarining qariyb oʻn yillik tanaffusdan keyin oʻtayotgan bugungi tarixiy majlisi mazkur tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochadi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtaradi.
Bugun barchamiz turkman zaminida oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanimizni yana bir bor qatʻiyat bilan tasdiqlaymiz.
Hech shubhasiz, Orol dengizining qurishi muammosi bizning mintaqaviy faoliyatimiz kun tartibida alohida oʻrin tutadi – bu bizning umumiy fojiamizdir. Uning salbiy oqibatlari, afsuski, tobora chuqurlashmoqda.
Orolboʻyi hududini u yerda paydo boʻlgan sahro egallab olmoqda.
Oqibatda biz suv resurslari taqchilligi, ichimlik suvi sifatining yomonlashuvi, tuproqning degradatsiyaga uchrashi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi, jiddiy iqlim oʻzgarishlarini yaqqol sezib turibmiz.
Shu munosabat bilan bugungi uchrashuvimiz gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Biz umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolboʻyidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolariga yechim topish boʻyicha barcha saʻy-harakatlarimizni birlashtirishimiz lozim.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hozirgi paytda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Markaziy Osiyoda vaqt sinovidan oʻtgan yagona mintaqaviy tashkilot boʻlib, mamlakatlarimiz oʻrtasida bu boradagi hamkorlikning amaliy mexanizmi boʻla oladi.
Biz Jamgʻarma faoliyatida Qirgʻiziston Respublikasi ishtiroki tiklanganini qoʻllab-quvvatlaymiz.
Aminmanki, biz mazkur tashkilot doirasida mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlari mutanosibligini taʻminlashga erishamiz, bizning umumiy kelajagimiz – oʻz qoʻlimizda. Faqat barcha mintaqa davlatlarining Jamgʻarma faoliyatida, jumladan, Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam koʻrsatish boʻyicha toʻrtinchi Dasturni ishlab chiqish va oʻzaro kelishish jarayonida toʻlaqonli ishtirok etishi orqali biz bu boradagi umumiy muammolarni hal etishimiz va tahdidlarni bartaraf etishimiz mumkin.
Shu munosabat bilan biz Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining meʻyoriy-huquqiy asoslari va tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan hamkorlarimiz bildirgan takliflarni koʻrib chiqishga tayyormiz.
Hurmatli doʻstlar!
Shu oʻrinda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Global ekologik fond va boshqa hamkor tashkilotlar, donor davlatlar koʻmagida Oʻzbekistonda Orolboʻyidagi ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan saʻy-harakatlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtish zarur, deb oʻylayman.
Soʻnggi bir necha yil davomida Oʻzbekiston Orolboʻyi hududida bir qator keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirdi. Orolning qurib qolgan hududida saksovul va boshqa shoʻrhoklikka chidamli oʻsimliklardan iborat 350 ming gektarlik butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni hozirgi kunda 700 ming gektarni tashkil etmoqda.
Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha 2013-2017 yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 tadan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan koʻpi milliy loyihalardir.
2018-2021 yillarda Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturi qabul qilindi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondini tashkil etish borasidagi tashabbusni ilgari surdi va bu BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Bizning fikrimizcha, BMT shafeligidaish olib boradigan Trast fond faoliyati va turkman doʻstlarimiz taklifi asosida bugun tasdiqlanadigan Orol dengizi havzasi uchun BMT maxsus Dasturining amalga oshirilishi bir-birini toʻldiradi.
Hurmatli doʻstlar!
Shu yilning iyun oyida Toshkent shahrida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro konferensiyaning asosiy xulosa va tavsiyalarini hisobga olgan holda, bizning nazarimizda, oʻzaro hamkorlik borasida ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan quyidagi yoʻnalishlarni alohida taʻkidlamoqchiman.
Birinchi. Ishonchim komilki, mintaqamizda noqulay ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash uchun qatʻiy va nostandart chora-tadbirlar zarur.
Shu munosabat bilan Orolboʻyi hududini Ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb eʻlon qilish masalasini koʻrib chiqishni taklif etaman.
Bu tashabbus bizning umumiy kuchimizni quyidagi maqsadlar boʻyicha birlashtirishga yoʻnaltirilgan:
ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun sharoit yaratish;
“yashil iqtisodiyot”, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish;
choʻllanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish;
ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Bizning tashabbuslarimizni har tomonlama muhokama qilish maqsadida kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Global ekologik fond koʻmagida maxsus konferensiya tashkil etilishini taklif qilamiz.
Mazkur xalqaro tashkilotlar bilan Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini tashkil etishning amaliy masalalari boʻyicha muzokaralar olib borish masalasini Jamgʻarma boshqaruviga topshirish mumkin, deb hisoblaymiz. Bu jarayonda quyidagilarga eʻtibor qaratish maqsadga muvofiqdir:
dunyodagi ekologik noqulay mintaqalarda bunday loyihalarni amalga oshirish borasidagi tajribalarni inobatga olgan holda, innovatsion loyihalarning yagona roʻyxatini shakllantirish va ularni birgalikda tayyorlash;
bunday maqsadlar uchun uzoq muddatli imtiyozli kredit va grantlar ajratish.
Bundan tashqari, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi huzurida yuqorida qayd etilgan xalqaro institutlarning vakolatxonalarini ochishni taklif etamiz.
Ikkinchi. Qum koʻchkilarini mustahkamlash, Orolning qurigan qismidan havoga zaharli aerozol changlari koʻtarilishini kamaytirish masalalari bizning eʻtiborimiz markazida boʻlishi zarur.
Shu maqsadda choʻl sharoitiga chidamli va ozuqa oʻsimliklari koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha Mintaqaviy markaz tashkil qilishni taklif etamiz.
Bizning olimlarimiz bergan maʻlumotlarga koʻra, 10-12 yil davomida dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirishimiz mumkin.
Bundan tashqari, yangi unumdor yaylovlar yaratishga qurbimiz yetadi, bu chorvachilikniizchil rivojlantirish va oʻn minglab odamlarni ish bilan taʻminlash imkonini beradi.
Mintaqaviy markaz esa ehtiyoj katta boʻlgan mutaxassislar tayyorlash boʻyicha oʻziga xos noyob ilmiy-taʻlim bazasiga aylanadi.
Uchinchi. Mintaqamizning noyob hayvonot dunyosini saqlash masalasi. Bu masalada ham umummintaqaviy yondashuv zarur.
Orolboʻyi zonasida muhofaza qilinadigan transchegaraviy tabiiy hududlar tashkil etishni taklif qilamiz.
Yoʻqolib borayotgan hayvonlar, jumladan, qoplon,qulon, saygʻoq va boshqa noyob jonivorlarni saqlab qolish uchun qoʻlimizdan keladigan barcha ishlarni oʻzaro kelishib amalga oshirishimiz nihoyatda muhim ahamiyatga ega.
Toʻrtinchi. Suvni tejash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalaridagi mintaqaviy hamkorlik darajasini keskin oshirish lozim.
Biz Orol dengizi hududidagi suv resurslaridan foydalanish boʻyicha oʻzaro maqbul hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga va Oʻzbekistonda ushbu masalaga bagʻishlangan mintaqaviy konferensiya oʻtkazishga tayyormiz.
Oʻylaymizki, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha mintaqaviy dastur qabul qilinishi mazkur konferensiyaning eng muhim natijasi boʻladi.
Beshinchi. Bugungi kunda ilmiy kooperatsiyani samarali rivojlantirmasdan oldimizda turgan muammolar yechimini taʻminlashning iloji yoʻq.
Shu munosabat bilan birgalikdagi fanlararo tadqiqotlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz. Jumladan, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchisuv xoʻjaligi komissiyasi va Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining ilmiy-axborot markazlari negizida bunday tadqiqotlar olib borish mumkin.
Hurmatli davlat rahbarlari!
Aminmanki, bugun ilgari surilgan tashabbuslar asosida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqishimiz va uning ijrosini amaliy jihatdan nazoratga olishni Jamgʻarma boshqaruviga topshirishimiz mumkin.
Xalqlarimizning tabiatga uning boyliklarini asrab-avaylagan holdamunosabatdaboʻlish va umumiy suv resurslaridan birgalikda foydalanish borasidagi koʻp asrlik anʻanalariga suyangan holda biz haqiqatdan ham ulkannatijalarga erishamiz, deb ishonaman.
Soʻzimning yakunida hurmatli Gurbanguli Malikguliyevichga Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazishga qoʻshgan katta hissasi uchun yana bir bor minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Eʻtiboringiz uchun rahmat!