Orol fojiasini bartaraf etishda mintaqaviy sheriklik muhim

Tor doiradagi uchrashuvdan soʻng Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʻsischi davlatlari rahbarlarining keng doiradagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston delegatsiyalari aʻzolari, xalqaro tashkilotlar va moliya muassasalari vakillari, ekologiya va suv masalalari boʻyicha mutaxassislar qatnashdi.
 
Turkmanboshi shahri, 24 avgust. OʻzA muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston raisligida mazkur koʻp qirrali tuzilma faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha ulkan ishlar qilinayotganini taʻkidladi.
Qariyb oʻn yillik tanaffusdan soʻng oʻtayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʻsischi davlatlari rahbarlarining bugungi tarixiy majlisi tashkilot faoliyatida yangi sahifa ochadi, Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikka katta surʻat bagʻishlaydi. Biz bu boradagi oʻzaro hamkorlikka qatʻiy tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Orol dengizi qurishining oqibatlari tobora chuqurlashayotgani, Orolboʻyi atrofidagi choʻllanish boshqa hududlarni ham qamrab olayotgani, suv resurslari tanqisligi, yer degradatsiyasi, bioxilma-xillikning kamayishi va boshqa salbiy omillar mintaqada jiddiy ekologik oʻzgarishlarga olib kelmoqda. Shu jihatdan, mazkur sammit Orol muammosi oqibatlarini yengib oʻtish va mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mamlakatlarimiz manfaatlarini hisobga olgan holda suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun saʻy-harakatlarni birlashtirish yuzasidan muhim.
Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi bu boradagi yagona mintaqaviy tashkilotdir. U mamlakatlarimiz hamkorligining taʻsirchan mexanizmiga aylanishi mumkin. Ishonamanki, tashkilot doirasida mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatlari oʻrtasida muvozanatga erisha olamiz. Zero, umumiy kelajagimiz – oʻzimizning qoʻlimizda, deya taʻkidladi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish, hududga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va boshqa masalalar boʻyicha muhim takliflarni ilgari surdi.
Majlisda davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʻminlash umumiy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalasiga bevosita bogʻliqligi, bu boradagi oqilona qarorlar mintaqa mamlakatlari farovonligiga xizmat qilishini taʻkidladilar. Alohida qayd etildiki, ushbu muammoga hududning barcha mamlakatlari va xalqlari manfaatlari bilan baravar hisoblashishdan – boshqa yechim yoʻq.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar ushbu sammit, oʻz ahamiyatiga koʻra jamgʻarma faoliyatida yangi bosqichni boshlagani, unda oʻrtaga tashlangan takliflar ijobati Markaziy Osiyo xalqlari farovonligini yaxshilash yoʻlidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
OʻzA