Registon dunyo xalqlarini hayratlantirgan mo‘jiza

O‘zbekiston Prezidenti hamrohligida Registon majmuasiga tashrif buyurgan Tojikiston Prezidenti mazkur majmua nafaqat Samarqandning yuragi, balki butun dunyo xalqlarining hayrat va havasini uyg‘otadigan mo‘jiza ekanini ta’kidladi.
photo5458792275623651660.jpg
Tojikiston Prezidentiga majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining bunyod etilish tarixi va ularni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
photo5458792275623651662.jpg
Buyuk sohibqiron Amir Temurning nabirasi, shoh va sulton Mirzo Ulug‘bek tomonidan XV asrda bunyod etilgan madrasada Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari olimlar dunyoning turli mintaqalaridan kelgan tolibi ilmlarga saboq bergan. Shu jihatdan bugungi kunda yurtimizdagi oliy ta’lim tizimi asoslari Mirzo Ulug‘bek madrasasi bilan bog‘lanishi bejiz emas. Ayni paytda mazkur tarixiy inshootda xalqaro konferensiyalar, turli nufuzli ko‘rgazmalar o‘tkazilmoqda.
XVII asrda Samarqand shahar hokimi Yalangto‘sh Bahodir Mirzo Ulug‘bek madrasasiga monand Sherdor va Tillakori madrasalarini bunyod etgan.
1997-yildan buyon Registon dunyo san’at ahlining katta sahnasiga aylanmoqda. Bu yerda har ikki yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazilmoqda. Ushbu nufuzli musiqa anjumanida tojikistonlik san’atkorlar muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Tojikiston rahbari bu yerda namoyish etilgan milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasini tomosha qildi. Usta va hunarmandlar ishini kuzatib, ularning mehnatiga yuksak baho berdi.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon Registon maydonida esdalik uchun suratga tushdilar.
Oliy martabali mehmon davlatimiz rahbari hamrohligida buyuk sohibqiron Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi.

 

U. Asrorov, G‘. Hasanov, O‘zA