O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 17 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi.
Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi,xalqlarimiz do‘stligi mustahkamlandi.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘ldi. Davlat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari nafaqat O‘zbekiston – Tojikiston hamkorligini rivojlantirish, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi o‘zaro hamkorlik rivojida navbatdagi ulkan voqea, deb e’tirof etilmoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Emomali Rahmon Prezidentimiz hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumentiga gul qo‘ydi.
Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.
Prezidentimiz Tojikiston rahbarini samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida qisqa muddatda mustahkam hamkorlik qaror topgani, bu tashrif izchil mustahkamlanib borayotgan o‘zaro manfaatli va faol muloqotning mantiqiy davomi ekanini alohida ta’kidladi.
– Qo‘shni Tojikiston bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi,– dedi Shavkat Mirziyoyev. – Sizning O‘zbekistonga davlat maqomidagi ilk tashrifingiz shundan dalolat beradi. Biz uni o‘zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqotimizning davomi, deb bilamiz, ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksak darajaga ko‘tarish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyormiz.
Tojikiston Prezidenti O‘zbekiston rahbariga taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.
– Sizning joriy yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifingiz mamlakatlarimiz tarixida yangi zarhal sahifa ochdi. U Tojikiston – O‘zbekiston munosabatlarini qayta tikladi, barcha sohadagi kompleks masalalarni izchil rivojlantirishga kuchli turtki berdi. Samarali tashqi siyosatingiz tufayli O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tibori oshib bormoqda. Bu tashrif xalqlarimizning farovonligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Emomali Rahmon.
Davlatimizning ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati natijasida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvlari faollashdi. Prezidentimizning Tojikistonga davlat tashrifi doirasida o‘zaro hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa yetakchi sohalarda rivojlantirishga doir 27 hujjat imzolandi.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida erkin savdo tartibi joriy qilingan. 2002 yilda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzilgan. Joriy yilda mazkur komissiyaning to‘rtta majlisi o‘tkazilgani tomonlar bu aloqalarga katta ahamiyat berishidan dalolatdir.
Chegaradagi o‘tkazish punktlari ochilgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida transport qatnovi tiklangani odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatlarimiz BMT, SHHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalarda tomonlarning qarashlari o‘xshash yoki yaqindir. Jumladan, qo‘shni Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash borasida tomonlar xalqaro hamjamiyat bilan samarali hamkorlik qilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transmilliy jinoyatlar, xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashishni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari, maxsus xizmatlari va mudofaa tizimlari o‘rtasida hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, investitsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar aylanmasi jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo hajmi 35,1 foiz ortdi. 2018 yilda qiymati 300 million dollardan ortiq shartnoma va kelishuvlar imzolanib, ularni hayotga tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz o‘zaro savdo aylanmasi mamlakatlarimiz salohiyatiga mos emasligi, tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish uchun foydalanilmagan ulkan zaxiralar mavjudligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda Tojikiston kapitali ishtirokida 39 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Tojikiston hududida o‘zbekistonlik sarmoyadorlar tomonidan tuzilgan 8 korxona mavjud. Ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish maqsadida Dushanbe va Toshkentda qo‘shma biznes-forumlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Mazkur tashrif doirasida poytaxtimizda o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forumda qiymati 103 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaga o‘zaro savdo hajmini oshirish va tarkibini diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ikki mamlakat biznes tuzilmalari va chegaraoldi hududlari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va boshqa tovarlar ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirishga kelishib olindi.
Energetika sohasidagi samarali hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Joriy yil aprel oyidan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish tiklandi. Tojikistondan elektr energiyasi sotib olish hajmi ortmoqda. Mamlakatlarimiz bundan buyon ham transport va xalqaro tranzit koridorlarini rivojlantirish sohasida yanada samarali hamkorlik qilish uchun amaliy sa’y-harakatlarni bajarishga tayyor.
Hududlar o‘rtasida aloqalar rivojlanmoqda. So‘nggi bir yilda ikki mamlakat viloyatlari o‘rtasida 9 marotaba delegatsiyalar almashildi. Ishbilarmonlar delegatsiyalarining tashriflari doirasida viloyatlar o‘rtasida biznes-forum va ko‘rgazmalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy Osiyo suv resurslaridan oqilona foydalanish hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan. Tomonlar bu borada ochiq muloqotni davom ettirish tarafdori. Muzokaralar natijasida Zarafshon daryosining Tojikiston hududidagi qismida O‘zbekiston va Tojikiston kompaniyalari ishtirokida 320 megavattlik 2 ta GES qurishga kelishib olindi.
Fanlar akademiyalari, oliy ta’lim muassasalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish zarurligi qayd etildi. Tojikiston Prezidentining mazkur tashrifi arafasida ilmiy va madaniy doiralar vakillari uchrashib, mamlakatlarimiz madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollarini muhokama etgani e’tiborlidir.
Bugun O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan tojik millatiga mansub yurtdoshlarimiz nufusi 1,5 millionga yaqin. Ular orasida davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanganlar ko‘p. Respublika tojik milliy madaniyat markazining joylarda 10 ta filiali faoliyat yuritmoqda. 245 umumta’lim maktabida ta’lim tojik tilida olib boriladi. Tojik tilida chop etilayotgan 4 davriy bosma nashr mavjud, o‘nlab teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda.
Shubhasiz, O‘zbekiston – Tojikistonmunosabatlarida erishilgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlamoqda. Yillar davomida qarindosh-urug‘lari, do‘stlari va yaqinlari bilan diydor ko‘rishish imkonidan bebahra bo‘lgan odamlarning kayfiyati ham o‘zgardi. Ta’kidlanganidek, bu davlatlararo munosabatlardagi eng katta yutuqlardan biridir.
Muzokarada o‘zaro munosabatlarning istiqbolli yo‘nalishlarini ishga solish, savdo-iqtisodiy aloqalar qamrovini kengaytirish, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirishga kelishib olindi.
Shundan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Qo‘shma bayonotni, O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, antimonopol siyosat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, geologiya sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy-texnikaviy, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, ta’lim, yoshlar, madaniyat va san’at masalalariga doir qator hujjatlar imzolandi.
Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid, jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch, anglashuv va do‘stona ruhda o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.
– Tojikiston Respublikasi Prezidenti, do‘stim va birodarim Emomali Rahmonning ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikda yangi ufqlar ochdi. Biz siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va boshqa muhim sohalardagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Amalga oshirilgan ulkan va puxta hamkorlikdagi ishlar samarasida bugun Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladik. Bu munosabatlarimizda yangi davr boshlanganidan dalolatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
– Muhtaram Shavkat Miromonovich bilan oliy darajadagi muzokaralarimiz yakunini g‘oyat samarali va qoniqarli, deb baholaymiz. U Tojikiston– O‘zbekiston munosabatlarini strategik sheriklik, o‘zaro hurmat, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida mustahkamlab borishga intilish va qat’iy ahdimizni yana bir bor tasdiqladi. O‘zbekistonga ilk davlat tashrifim davomida hal etilmagan masala qolmadi. Biz barcha masalalar bo‘yicha aniq xulosalarga erishdik. Bu esa kelgusida, albatta, o‘zining ijobiy natijalarini beradi, – dedi Emomali Rahmon.
Tojikiston Prezidenti xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy do‘stlik va yaqin qardoshlik munosabatlarining yaqqol namunasi sifatida Prezidentimizga buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy asarlari tarjimasi to‘plangan “Chashmai xirad” kitobini sovg‘a qildi.
Tojikiston rahbarining tashrifi arafasida “O‘zekspomarkaz”da Tojikiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi ochildi. Kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar mazkur ko‘rgazmaga tashrif buyurdilar.
Tashqi savdo va iqtisodiyot mahkamalariga eksport-import aloqalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon poytaxtimizdagi “Artel” zavodida bo‘ldi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi maishiy texnika va elektr jihozlari, ilg‘or standartlar asosida mahsulot yig‘uv jarayoni oliy martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Emomali Rahmon O‘zbekiston mahsulotlari sifati va narxi bilan raqobatbardoshligi, xususan, “Artel” jihozlari Tojikistonda ham xaridorgirligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida “Do‘stlik oqshomi” nomli konsert bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari o‘zbek va tojik xalqlari azaldan yonma-yon yashagani, qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tganini ta’kidladi.
– O‘zbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga o‘xshaydi. Bizning muqaddas dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning ezgu an’analarini davom ettirib, xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirda Prezidentimiz Emomali Rahmonga ikki tomonlama hamkorlikni, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlatimizning “El-yurt hurmati” ordeninitopshirdi.
Tojikiston Prezidenti yuksak hurmat, e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirib, munosabatlarning bugungi bosqichi xalqlarimizning tarixiy yutug‘i ekanini ta’kidladi.
“Do‘stlik oqshomi” tobora mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi, xalqlarimiz do‘stligining yana bir ifodasi bo‘ldi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.