O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon poytaxtimizdagi “Artel” korxorxonasida bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekistonda import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh maishiy texnika ishlab chiqarish va aholi ehtiyojlarini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu borada yaratilgan keng imtiyozlar samarasida 2011 yili “Artel” milliy brendi ostida maishiy elektr jihozlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yillar mobaynida korxonada 20 turdan ortiq 500 modeldagi maishiy texnika ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
“Artel” brendi bugungi kunda sifatli, qulay, arzon va zamonaviy mahsulotlari bilan nafaqat qo‘shni davlatlar, balki uzoq xorijiy mamlakatlar bozorlaridan munosib joy olmoqda. Jumladan, muzlatgich, televizor, mobil telefon va smartfonlar, kir yuvish mashinalari, gaz plitalar, konditsioner, mikroto‘lqinli pechlar, chang yutgich, energiyatejamkor lampalar kabi eng so‘nggi rusumdagi maishiy texnika va elektr jihozlari jahon standartlariga mosligi bilan xaridorlar ishonchini qozonmoqda.
Davlat rahbarlari korxonada tashkil etilgan “Artel” mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Oliy martabali mehmonga mahsulotlar turi, sifati va ishchi o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.
Emomali Rahmon konditsioner va televizor ishlab chiqarish jarayonini bevosita ko‘zdan kechirdi, mahsulotlar sifatiga yuksak baho berdi.