Davlat chegaralarini rasmiylashtirishni jadallashtirish – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida Markaziy Osiyodagi yaqin qo‘shnilar bilan hamkorlikni rivojlantirishni O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berdi. Bu qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegarasini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha muzokaralar jarayonini faollashtirishga qaratilgan muhim qadam edi.

Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi farmoni bilan o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasining asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini uzil-kesil nihoyasiga yetkazish tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etilgan.

Chegarani huquqiy jihatdan rasmiylashtirishni hal etish masalasini jadallashtirish O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida ham o‘z aksini topgan.

Ma’lumki, mintaqa markazida joylashgan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega. Uning uzunligi 7000 kilometrdan ziyod, jumladan, Qozog‘iston bilan – 2356,31, Qirg‘iziston bilan – 1476,12, Tojikiston bilan – 1296,9, Turkmaniston bilan – 1831,49, Afg‘oniston bilan – 143 kilometrni tashkil etadi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan hamkorligi faollashishi barobarida, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar jarayoni muntazamlik kasb etdi. 2016 yil avgust oyidan 2018 yil avgust oyiga qadar O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi qo‘shni mamlakatlar hukumat delegatsiyalari bilan jami 65, jumladan, Qozog‘iston bilan 18, Qirg‘iziston bilan 28, Tojikiston bilan 9, Turkmaniston bilan 9, Afg‘oniston bilan 1 uchrashuv o‘tkazdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 5 sentyabrdagi Qirg‘iziston Respublikasiga, 2018 yil 9 martdagi Tojikiston Respublikasiga davlat tashriflari davomida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi haqidagi shartnomaning kelishilgan qismi va O‘zbekiston – Tojikiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari haqidagi shartnoma imzolanishi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegaraoldi muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Pirovardida, O‘zbekiston Prezidentining ochiq va pragmatik siyosati tufayli O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi davlat chegaralarining tutashuv nuqtasini belgilab olish masalasida anglashuvga erishildi. 2017 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo bo‘yicha yuksak darajadagi Xalqaro konferensiya doirasida bu borada tegishli shartnoma imzolandi.

Qozog‘iston bilan davlat chegarasini delimitatsiya qilish nihoyasiga yetib, ayni paytda bu haqidagi shartnoma uchun zarur hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Turkmaniston bilan Davlat chegarasi haqidagi shartnoma 2000 yil sentyabr oyida Ashxobodda imzolanib, unda 10 ta uchastka bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishilgan edi. 2017 yil mart oyida mamlakatimiz Prezidentining Turkmanistonga davlat tashrifi chog‘ida Ashxobodda erishilgan yuksak darajadagi kelishuvga muvofiq, uzoq yillik tanaffusdan so‘ng chegara masalalari bo‘yicha ishchi guruhlar muzokaralari tiklandi.

2018 yil fevral oyida Afg‘oniston rasmiylari bilan bo‘lgan uchrashuvda Amudaryo sohillari bo‘ylab chegara chizig‘ini mustahkamlash masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegaralari masalasini tartibga solish nafaqat mintaqa va MDH mamlakatlari, balki butun dunyoda ijobiy e’tirofga sazovor bo‘ldi. Xorijiy ekspertlarning bu haqdagi fikrlari e’tiborga loyiq.

Britaniyalik siyosatshunos Saypir Furstenberg: “Hukumat tepasiga kelganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, Shavkat Mirziyoyevning ezgu ishlari nafaqat so‘zda, balki amalda ham o‘z isbotini topmoqda. Uning Nyu-Yorkka tashrifi O‘zbekiston rahbarining BMTga so‘nggi 15 yildagi ilk tashrifi bo‘ldi. Shu yo‘sinda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ko‘p yillar davom etgan o‘z-o‘zini yakkalatish jarayoniga nuqta qo‘ydi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mamlakat kelajagiga oid ko‘plab g‘oyalar hayotga tatbiq etila boshladi. Xususan, Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qilish haqidagi shartnomaning tuzilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan sheriklik munosabatlarini tiklash yo‘lidagi sa’y-harakatlarining amaliy natijasi bo‘ldi. Ushbu muammo ikki tomonlama munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda to‘siq bo‘lib kelayotgan edi”.

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Ellis Uells: “Bugungi kundagi eng muhim yangiliklardan biri shuki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Natijada Markaziy Osiyo davlatlarining o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilish imkoniyatlari kengaymoqda. Shavkat Mirziyoyev davlatni tashqi dunyoga ochmoqda, qo‘shnilarga do‘stlik qo‘lini uzatmoqda, chegaralarga oid masalalarni hal etish choralarini ko‘rmoqda”.

MDH davlatlari institutining Markaziy Osiyo bo‘limi mudiri Andrey Grozin: “Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo siyosat maydonida paydo bo‘lishi qo‘shni mamlakatlar munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekistonda rahbariyat o‘zgargandan so‘ng Markaziy Osiyoda davlatlararo munosabatlar tizimi shakllanmoqda. O‘tgan yil mobaynida Toshkent turli yo‘nalishlarda yuksak darajadagi faollikni namoyish qildi. Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi va chegaralarni qisman delimitatsiya va demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi bunga yorqin misoldir”.

Nashriyotning amerikalik kolumnisti va “Corsair LLC” konsalting kompaniyasi boshqaruvchi direktori Djeyms Durso “O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Toshkent hatto Norin daryosida GES qurilishida yordam berishga rozi bo‘ldi. Farg‘ona vodiysida nazorat-o‘tkazish punktlari ishining tiklanishi va aholining ikki mamlakat o‘rtasida bordi-keldilarini yengillashtirish Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifining muhim natijalaridan biri bo‘ldi”, deb yozadi.

Xorijiy siyosatshunos va ekspertlarning bunday izohlarini ko‘plab keltirish mumkin. Ular Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnilik va do‘stlikka asoslangan ochiq siyosati O‘zbekiston rahbari murosa qilish va yillar davomida to‘planib, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida g‘ov bo‘lib kelayotgan eng murakkab masalalarga yechim topish qobiliyatiga ega ekanidan dalolat bermoqda, degan yakdil fikrda.

Darhaqiqat, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan imzolangan chegara haqidagi shartnomalar mamlakatimiz uchun zamonaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, chegaraoldi hududida savdo, tovar aylanishi hajmini oshirish yo‘lida keng imkoniyatlarni ochib berdi va eng asosiysi, tarixiy ildizi tutash, qon-qarindosh xalqlar bordi-keldisi uchun qulay sharoitlar yaratdi.

Qirg‘iziston bilan chegara punktlaridagi cheklovlarni olib tashlash, Tojikiston bilanchegara postlarining to‘laqonli faoliyat yuritishi bo‘yicha erishilgan kelishuvlar tufayli har kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan o‘tuvchi fuqarolar soni 30 mingtani, o‘zbek-tojik chegarasidan o‘tuvchilar esa20 mingtani tashkil etmoqda.

Qo‘shni davlatlarga xizmat safari chog‘ida biz ushbu mamlakatlarning rasmiy shaxslari va oddiy fuqarolari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘shnilarga nisbatan ochiqlik va xayrixohlik siyosati uchun samimiy minnatdorlik bildirayotganining guvohi bo‘lamiz. Qirg‘iziston va Tojikistonnning chegaraoldi hududlari aholisi davlatimiz rahbariga alohida minnatdorlik izhor etmoqda, chunki bu yerdagi ko‘plab fuqarolar chegaraoldi hududidagi aholi puntklarida istiqomat qiluvchi o‘zbek oilalari bilan yaqin qarindoshlik aloqalariga ega.

Mamlakatimizning qo‘shnilar bilan chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini tartibga solishning ahamiyati va zaruratini yanada chuqurroq anglash uchun ularni hal etish tarixiga nazar solish maqsadga muvofiq.

O‘zbekiston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan muzokaralar jarayoni 2000 yilda Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini belgilash va jihozlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq boshlangan.

Ushbu jarayon 2000 yil sentyabrda Ashxobodda Turkmaniston bilan yuqorida qayd etilgan chegara to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishiga qadar davom etdi. 2002 yil 5 oktyabrda Dushanbeda o‘zbek-tojik chegarasining kelishilgan qismi to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarni qat’iy tartibga solish bo‘yicha 15 yildan buyon davom etayotgan muzokaralar natija bermagani hech kimga sir emas. Natijada barcha boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

To‘g‘ri yondashilganda oqilona yechim topish mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha olib borilgan ko‘p yillik bahs-munozaralar va hattoki qarama-qarshiliklar ko‘pincha kelishmovchiliklar va hatto chegarada to‘qnashuvlar sodir bo‘lishiga ham olib keldi.

Afsuski, buning natijasida chegaralarni delimitatsiya qilish jarayoni kechikibgina qolmay, O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida sun’iy to‘siqlar paydo qildi va bundan asosan oddiy fuqarolar, ayniqsa, chegara yonidagi aholi aziyat chekdi.

O‘zbekistonning qo‘shni respublikalar bilan munosabatlarida yuzaga kelgan holat ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqish va chegaralarni delimitatsiya qilish masalalarini hal etish yondashuvlarini o‘zgartirish, chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni qat’iy talab etardi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, chegaralarni uchta asosiy tamoyil asosida delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha qo‘shni mamlakatlar bilanmuzokaralar o‘tkazishga qaror qilindi. Birinchisi – o‘zaro manfaatlarni qat’iy hisobga olish, ikkinchisi – chuqur o‘ylangan oqilona murosa, uchinchisi – yer uchastkalari bilan teng almashinuv. Barcha tomonlar mazkur tamoyillarga rioya qilmasdan turib, chegaralarni tartibga solishning imkoni yo‘q, degan fikrga kelishdi, chunki barcha Markaziy Osiyo mamlakatlariga avvalgi tizimdan mazkur muammo bo‘yicha chalkashlik meros bo‘lib qolgan edi.

Muzokaralar vahamkorlikda dala tadqiqotlarini olib borish, arxiv hujjatlari, kartografik materiallarni o‘rganishyakuni bo‘yicha qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegara chiziqlarini murakkablashtirgan muammolar aniqlandi.

Birinchi va eng asosiy muammo – Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlari bilan davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bo‘yicha huquqiy asosning yo‘qligidadir.

Ikkinchi muammo – 1924-1927 yillar – O‘rta Osiyo respublikalarini chegaralash davrida va 1930 yil va undan keyingi davrda qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha kelishmovchiliklar.

Uchinchi muammo – xaritalarda belgilangan chegara chiziqlarining amalda foydalanilayotgan yerlar, irrigatsiya tarmoqlari, ko‘plab infratuzilma obyektlari, uy xo‘jaliklari va qabristonlar joylashuvi bilan mos kelmasligi.

Ba’zan ommaviy axborot vositalarida yerlar almashinuvi, chekka hududlar va anklavlar bo‘ylab chegara chiziqlarini belgilash masalalari bo‘yicha unchalik aniq bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatilmoqda. Shu bois, noto‘g‘ri talqindan qochish maqsadida ushbu masalalar bo‘yicha chegaralarni huquqiy rasmiylashtirish jarayonlari yakuniga qadar taxminiy xulosa chiqarishga shoshmaslik maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Chegaralarni huquqiy rasmiylashtirish tomonlar komissiyalarining ikki bosqichda olib boradiganmuzokaralari orqali amalga oshiriladi. Birinchi bosqich – bu delimitatsiya, ya’ni xaritalarda chegaralarni belgilash. Ikkinchi bosqich – demarkatsiya, ya’ni ustunlar o‘rnatish va turli qurilish ishlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan jismoniy ishlardir.

Ishchi guruhlar muzokaralari yakuni bo‘yicha imzolanadigan qarorlar tomonlar hukumatlarining ularni tasdiqlab, kelgusida Chegara to‘g‘risidagi shartnomaning davlat rahbarlari darajasida imzolanishi, ratifikatsiya qilinishi va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashinuvidan so‘ng yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Ayni paytda,Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va doimiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli qisqa vaqt ichida komissiyalar mamlakatimiz va qo‘shni respublikalar chegara chiziqlarining eng murakkab va chigal hududlari bo‘yicha o‘zaro maqbul yechim topishga erishdi, deyish uchun to‘la asoslar bor.

Shubhasiz, o‘zbek-qirg‘iz va o‘zbek-tojik chegaralari to‘g‘risidagi kelishuvlarning imzolanishi hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonning tutash nuqtasi hududi to‘g‘risidagi kelishuvlar mamlakatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘zbekistonning mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar bilan davlat chegaralarini huquqiy rasmiylashtirishni yakunlash ishlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari Markaziy Osiyoning qardosh xalqlario‘rtasidagi chegaralar tinchlik, do‘stlik va hamkorlik chegarasi bo‘lishiga ishonadilar.

Ilhom Ne’matov,
O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligining
maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi,
iqtisod fanlari nomzodi.

 

O‘zA