O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi No‘mon Abdug‘afforzodabilan suhbatlashdi.
– Suhbatimiz boshida Tojikistonning sayyohlik imkoniyatlari haqidaso‘zlabbersangiz.
– Tojikiston – yuksak cho‘qqilar, jo‘shqin va serjilva daryolar, go‘zal va betakror ko‘llar, muzliklar, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega o‘lka. Siz Vaxsh vodiysining jazirama issig‘ida toblangach, Pomirning abadiy muzliklari vohasida salqinlashingiz mumkin.
Tojikiston ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Chunki mamlakat hududining 93 foizi Pomir, Hisor-Oloy va Tyan-Shan tog‘ tizmalaridan iborat. Tojikiston hududida dengiz sathidan 2800 dan 7495 metr balandlikkacha bo‘lgan ulug‘vor Pomir tog‘lari joylashgan. 7 ming metr balandlikdagi Ismoil Somoniy va Yevgeniy Korjenevskiy cho‘qqilari, alpinistlar yo‘laklari, ovchilik xo‘jaliklari, tabiiy landshaftlar, g‘orlar hamda mineral suv buloqlari – noyob mahalliy sayyohlik resurslari hisoblanadi. Tojikistonda har yili xalqaro alpinistlar ekspeditsiyalari tashkil qilinib, ularda turli mamlakatlar alpinistlari baland cho‘qqilarga ko‘tariladi. Barcha qit’alardan kelgan bu sportchilar Pomirning eng baland qutbi – Ismoil Somoniy cho‘qqisini zabt etishga intiladi.
Mamlakatdagi baland tog‘lar ichida Fon tog‘lari sayyohlar va alpinistlar orasida ayniqsa mashhur. Ushbu tog‘larning toshli changalzorlarida, 2200 metr balandlikda shimoliy Tojikistonning eng yirik ko‘li – Iskandarko‘l joylashgan. Bu yerda sayyohlar yulduzlar va ko‘l yuzasidan ko‘tarilgan go‘zal tuman manzarasini kuzatishi mumkin.
Tojikiston shuningdek, sarguzasht turizmi, sanatoriy-kurort davolanish va dam olish, rekreatsion turizm, rafting, tarixiy-ma’rifiy va etnografik, tog‘-chang‘isi, ov turizmi kabi turli jozibador sayyohlik yo‘nalishlariga ham ega.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda ekoturizm, agro va gastronomik turizm singari yangi sayyohlik turlari ham tobora ommalashmoqda.
Tojikiston hududida qariyb 200 mineral suv buloqlari mavjud bo‘lib, turizmning sanatoriy-kurort yo‘nalishi yaxshi rivojlangan. Ular orasida eng mashhurlari “Xo‘ja Obi garm” kurorti, “Shaambar”, “Obi garm”, “Zumrad”, “Havotog‘” sihatgohlaridir. Ushbu sihatgoh va kurortlarda yurak qon-tomir, suyak-mushak tizimlari, nafas yo‘llari, oshqozon-ichak trakti, jigar va o‘t yo‘llari, ginekologiya va teri kasalliklarini davolash xizmatlari ko‘rsatiladi. “Garmchashma”, “Bashor”, “Shohdara” sihatgohlarining issiq buloqlarida ohak qatlamlari hosil bo‘ladi. Ayniqsa, Xorug‘ shahridan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan “Garmchashma” bulog‘ida ular o‘zgacha nafislik kasb etgan. Bu buloq dengiz sathidan 2325 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, o‘ta oppoq travertinlari tufayli uzoqdan ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Tarixiy-ma’rifiy sayyohlik yo‘nalishi bo‘yicha Tojikistonga kelgan mehmonlarga 3000 dan ortiq o‘rin taklif etiladi. Sarazm Tojikistondagi jahon merosiga taalluqli qadimiy yodgorlik bo‘lib, u miloddan avvalgi IV-II asrlarga oid ovuldir. 1600 yil avval loydan yasalgan dunyodagi eng yirik – 13 metrlik uyqudagi Zervan buddasi haykali milliy muzeyimizda saqlanadi.
– Turizm sohasining samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Tinchlik va milliy birdamlik asoschisi – millat Yetakchisi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning qo‘llab-quvvatlashi bilan hozirgi kunda sayyohlik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Tojikistonda turistik viza berishning elektron tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, undan dunyoning 112 mamlakati aholisi bemalol foydalana oladi.
Hukumat qarori bilan sayyohlik firmalari o‘z faoliyatining dastlabki 5 yilida daromad solig‘i to‘lamaydi. Shuningdek, turistik obyektlar qurilishi uchun chetdan keltiriladigan barcha zarur texnika, qurilish materiallari bojxona to‘lovlari va qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilgan.
Hukumat kasanachilik asosida faoliyat yurituvchi xalq hunarmandlarini barcha turdagi soliq to‘lovlaridan ozod qilgan. Zero, suvenirlar – sayyohlar tashrifining ajralmas bir qismi hisoblanadi.
– Tojikistonda turistik resurslarni ichki va xalqaro bozorlarga olib chiqish qay darajada amalga oshirilmoqda?
– Turizm sohasida xalqaro hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u tobora mustahkamlanmoqda. Tojikiston xalqaro va davlatlararo tadbirlar, sayyohlik yarmarkalari hamda Butunjahon sayyohlik tashkiloti komissiyalari yig‘ilishlarida faol ishtirok etib kelayotir.
Ta’kidlash joizki, Tojikiston turizm sohasinirivojlantirish bo‘yicha o‘zining ilk dadil qadamlarini qo‘ymoqda. Bu jarayonda dunyo tajribasini o‘rganish, mamlakat turistik resurslarini targ‘ib etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda tojik, rus va ingliz tillarida http:traveltajikistan.tj milliy sayyohlik portali yaratildi. Bugungi kunda portalning arab, nemis, fransuz, xitoy va ispan tillaridagi versiyalarini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mashhur ijtimoiy tarmoqlarda ham turistik yo‘nalishdagi rasmiy sahifamiz mavjuddir.
Biz muntazam ravishda axborot-tarqatma materiallar, jumladan, sayyohlik xaritalari, turistlar uchun yo‘lko‘rsatgich va risolalar, audio-videomateriallar chop etib, ularni turli mamlakatlardagi elchixonalarimiz orqali tarqatmoqdamiz.
– Tojikistonda 2030 yilga qadar turizmni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. Shu haqda batafsilroq ma’lumot bersangiz.
– Prezidentimiz Imomali Rahmonning “Tojikiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi mamlakatimiz Majlisi Oliga yillik murojaati asosida qabul qilingan farmonga muvofiq, hukumat tomonidan 2030 yilga qadar Turizmni rivojlantirish bo‘yichamilliy strategiya tasdiqlandi.
Mazkur strategiya yurtimizda 2030 yilgacha turizmni rivojlantirishning maqsad va vazifalarini, ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi hamda rejalar ishlab chiqishda, fuqarolarning sayyohlik sohasidagi tadbirkorlik tashabbuslarida muhim omil va qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
Strategiyaning asosiy maqsadi mamlakatimizda turizmning barqaror rivojlanishini ta’minlashdan iborat bo‘lib, unga erishish maqsadida turizm sohasini rivojlantirishning institutsional asoslarini yaratish, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik imkoniyatlarni mustahkamlash va ularni har tomonlama targ‘ib etish, xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish orqali turistik mahsulotlar raqobatbardoshligiga erishish, marketing va sayyohlik mahsulotlari hisobidan milliy turizm brendini shakllantirish va tanitish, tabiiy va rekreatsion resurslar, tarixiy-madaniy meroslarni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, sayyohlik tarmog‘iga kadrlar yetishtirib berish, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, turistik klasterni, sohani rivojlantirish yo‘lida innovatsiyalarni joriy etish va investitsiya kiritish kabi strategik vazifalarbelgilangan.
– Qaysi xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etgansizlar va ularda qandaynatijalarga erishilgan?
– 2018 yil 7-11 mart kunlari Tojikiston “ITB Berlin” nomlidunyoning eng yiriksayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etib, “Tojikiston – sayyohlik mamlakati” shiori ostida o‘z salohiyatini namoyish etdi. Unda mamlakatimizni 16 turistik kompaniyasining 30 nafar vakili tanishtirdi va turli davlatlarning turistik firmalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Mamlakatimiz shuningdek, Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “Inturmarket” va “MITT” nomli yiriksayyohlikko‘rgazmalarida ham qatnashdi. Tojikiston sayyohlik kompaniyalari dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkazilayotgan ko‘plab namoyishlardamuntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ana shunday ko‘rgazmalarda qatnashish turistik imkoniyatlarimizni va mahsulotlarimizni targ‘ib etish uchun juda samarali ekanini ta’kidlash joizdir.
– Tojikistonda faoliyat yuritayotgan turistik firmalar haqida hamto‘xtalib o‘tsangiz.
– Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida Tojikistonda 53 yangi sayyohlik firmasi o‘z faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda Tojikistonda bunday firmalar soni 130 ni tashkil etadi va bu raqam o‘sishda davom etmoqda. Turistik firmalarning aksariyati sayyohlarimizni shu paytgacha boshqa mamlakatlarga jo‘natgan bo‘lsa, “Turizm va xalq hunarmandchiligini rivojlantirish yili”da mehmonlarni Tojikistonga ham jalb qila boshladi.
Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi turistik kompaniyalar bilan hamkorlikda ko‘plab yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqdi. Mamlakatimizdagi bunday kompaniyalar vakillari ishtirokida turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda va ular o‘rtasida yaqin hamkorlik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan.
– Turizm tarmog‘i manfaati yo‘lida qanday me’yoriy-huquqiyhujjatlar qabul qilinmoqda?
– Tojikiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon bevosita turizmni rivojlantirishga xizmat qiladigan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 2009-2019 yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi, 2018-2020 yillarda Tojikiston Respublikasida Turizmni rivojlantirish dasturi, yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida”gi qonuni, “Hunarmandchilik to‘g‘risida”gi qonuni, Tojikiston Respublikasida 2030 yilga qadar Turizmni rivojlantirish milliy strategiyasining ishlab chiqilishi ushbu tarmoq bilan bog‘liq ma’lum muammolarni hal etishiga hamda mamlakatda sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
– Kadrlar tayyorlash masalasidagi tajribangiz xususida ham so‘zlab bersangiz.
– Xodimlarimiz mamlakatimizdagi va chet ellardagi malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi. Joriy yilda qo‘mitamiz xodimlari Ispaniya, AQSH, Yaponiya, Qatar va boshqa davlatlardagi kurslarda o‘qib, malaka oshirishdi. Tojikistonda bugungi kunda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan 12 oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasasi mavjud. Yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, shuningdek, muntazam ravishda talabalarning qo‘mita apparatida va sayyohlik firmalarida amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yilgan. Soha mutaxassislari uchun hamkorlarimiz bilan birgalikda qisqa muddatli o‘quv-kurslari, seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.