Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifiga doir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon 2018 yil 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Tojikiston muloqotining davomi sifatida O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qilib, hamkorlikni yanada rivojlantirishning, unga uzoq muddatli va keng ko‘lamli tus berishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oladilar.
O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashadilar.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani, turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi an’anaviy qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan salmoqli davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini imzolash rejalashtirilmoqda.
Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi dasturidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazish, Samarqand shahrini ziyorat qilish ham joy olgan.

 

O‘zA