Ta’lim-tarbiya tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi

O‘zbekistonda yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur Qaror bilan mavjud muammolarni bartaraf etish, yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq qator ustuvor yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Ushbu Dasturda:
• yuksak ma’naviyatli, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan fidoiy va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
• yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash;
• pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-ma’naviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
• yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish;
• yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
• o‘quvchi-yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlar belgilangan.
Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari Dasturning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.

 

O‘zA