Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida tizimdagi yangiliklar, majburiy mehnatning oldini olish, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, aholining mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat muhofazasini ta’minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi haqida ma’lumot berildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq jarayonlarni tartibga solish, bu jarayonni takomillashtirish, kafolatlangan mehnat huquqlari tizimini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida gapirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning dastlabki olti oyida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat etgan 381,7 ming fuqaro ishga joylashgan. 140,2 ming hamyurtimiz doimiy ishlarga, 241,5 ming fuqaro esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Bandlikni ta’minlashda maqbul amaliyot – bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini muntazam tashkil etish ham yaxshi samara bermoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 966 bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Ularda 54,9 ming fuqaro ishga yo‘llanma oldi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, joriy yilning olti oyida mingga yaqin nogiron, 1,3 ming jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi.
Joriy yilning birinchi choragi davomida hududlardagi Davlat mehnat texnik inspektorlari va mehnat sharoitlari ekspertlari tomonidan seminarlar tashkil etilmoqda, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilinmoqda. Fuqarolarning mehnat muhofazasi yanada kuchaytirilmoqda.
Matbuot anjumanida o‘tgan 6 oy davomida 40 dan ortiq majburiy mehnat holatlari aniqlangan va ma’muriy javobgarlikka tortilgani aytildi.