“Toza hudud” filiallariga avtomashinalar topshirildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi huzuridagi “Toza hudud” davlat unitar korxonasining Ellikqal’a tumani filiali 4 ming 600 ga yaqin xonadon, 200 ga yaqin tashkilotga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatmoqda.

Filial joriy yilning dastlabki 6 oyida 190 million so‘mlik ishlarni bajardi. Barcha tumanlarda tashkil etilgan bunday tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuksalishi hamda hududlar tozaligiga xizmat qilmoqda.

Nukusda “Toza hudud” davlat unitar korxonasining tuman filiallariga maxsus xizmat avtomashinalari topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2017 yil 21 apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli aholi punktlarida tozalik va ozodalikni saqlash borasida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotgani ta’kidlandi.

Korxonaning moliyaviy ahvolini yaxshilash, ishchilarga qulay sharoit yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yuksaltirishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili barcha tumanlardagi chiqindi tashlash maydonlarini tartibga keltirish maqsadida 5 milliard 539 million so‘mlikdan ortiq qurilish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, yil oxiriga qadar birinchi bosqich ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan. Ayni paytda ikkinchi bosqich ishlari ham nihoyasiga yetkazilmoqda. Shuningdek, tuman filiallarida qiymati 500 million so‘m bo‘lgan 20 dona chiqindi yig‘ish maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Aholiga qulaylik yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lovlar aniqligini ta’minlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “FURROR PROGRESS” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tuzilgan shartnoma asosida har bir filialda abonentlarning elektron bazasi yaratildi.

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA