O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor Usmon Azim Qozog‘istonning adabiyot sohasidagi xalqaro “Alash” mukofoti bilan taqdirlandi.

Mazkur mukofot ustoz ijodkorga Almati shahrida Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi tashkil etilganining 90 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda topshirildi.

Qardosh mamlakatning adabiyot sohasidagi ushbu mukofoti shuningdek, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, atoqli adib Sulton Rayev, ozarbayjonlik yozuvchi, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anor Rzayev, Turkiya Yozarlar birligi raisi Musa Kozim Arijan, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Arslan Koyshiyev kabi atoqli ijodkorlarga ham topshirildi.

Aytish kerakki, ustoz shoir, adabiyot muxlislarining ardoqli ijodkori Usmon Azim she’riyatida milliy ruh, milliy o‘zlik, Vatan tuyg‘usi o‘ziga xos betakror ohanglarda ifoda etilgani bilan ahamiyatlidir. Xalqimizning sevimli shoiri Vatan, g‘urur, or, inson sha’ni va qadri, mehr-muhabbat, odamiylik kabi umrboqiy mavzularni g‘oyat baxshiyona, takrorlanmas go‘zallik, faxr, yurak iztirobi, hayqiriq, jo‘shqinlik, gohida esa mahzunlik bilan, ayni paytda har bir kitobxonning, she’riyat muxlisining qalbini zabt eta oladigan tarzda tarannum etishi diqqatga sazovor.

Usmon Azim 1950 yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan. 1972 yilda Toshkent Davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida ta’lim olgan. Usmon Azim respublika radiosida muharrir, katta muharrir va bosh muharrir o‘rinbosari (1976-1989), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat bo‘limida mas’ul kotib (1989- 1990) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida mas’ul lavozimlarda faoliyat olib borgan.

U o‘zining “Insonni tushunish” nomli ilk kitobi bilan 1979 yilda adabiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Shundan so‘ng shoirning “Holat”(1979), “Oqibat” (1980), “Ko‘zgu” (1983), “Surat parchalari” (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “G‘aroyib ajdarho” (1990), “Uyg‘onish azobi” (1991), “G‘ussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yo‘q ekan” (1995), “Saylanma” (1995), “Kuz” (2001) kabi she’riy va “Jodu” (2003), “Adibning umri” (2010), “So‘ngso‘zlar” (2020) nasriy to‘plamlari, nasr va nazmdan iborat “Kollaj” (2018) nasriy to‘plamlari nashr etilgan.

Usmon Azim “Baxtli bo‘laylik”, “Hujjatli film uchun syujet”, “Bahodir va Malika” singari radiopesalar yozgan. Ijodkor shuningdek, “Bir qadam yo‘l”, “Kunduzsiz kechalar”, “Bozor” (1997), “Alpomishning qaytishi” (1998), “Jazava” (2000), “Baxt qushi” (2002), “O‘tgan zamon hangomalari” (2003) kabi pesalar muallifidir. Ularning aksariyati O‘zbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. Adabiyotshunoslar ustoz ijodkorning adabiyotning barcha janrlarida mahorat bilan ijod qilishini e’tirof etadi.

Usmon Azim, shuningdek, kinodramaturgiyada ham qalam tebratib, “Alisher Navoiy“ kinoqissasi (1990), “Alpomish“ kinodostoni (1997), “Sevgi“ (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali “Alpomish“ (2000) filmlarining ssenariysini yaratgan.

Elyuar, Vatsiyetis, Dog‘larja, Voznesenskiy, Marsinkyavichyus va boshqa ko‘plab shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Ustozning she’rlari ingliz, fransuz, nemis, polyak, makedon, turk, gruzin, eston, litva, tojik, qozoq, qirg‘iz va boshqa ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. Ko‘plab she’rlari ajoyib qo‘shiqlarga aylangan.

Usmon Azim – uch mingga yaqin she’riy asarlar muallifi. U she’riy maktab yaratgan kamdan-kam shoirlardan biridir. Usmon akaning asarlari zamonaviy o‘zbek poeziyasi va dramaturgiyasining yuksak saviyasini belgilovchi mavqega ega.

Usmon Azim Gruziyaning Vladimir Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1982). “Do‘stlik“ ordeni (1998) bilan mukofotlangan.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri