BMT tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) dunyo bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Ostonada Qozog‘iston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha parlament komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

“Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish: parlamentlar va mahalliy vakillik organlarining roli” mavzusiga bag‘ishlangan majlisda O‘zbekiston Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari a’zolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, ekspert va mutaxassislarni bir joyga jamlagan tadbirda mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishini ta’minlashda parlamentlar va mahalliy vakillik organlarining o‘rni muhokama qilindi.

Iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, cho‘llanish kabi ekologik xavf-xatarlar, suv va energetika xavfsizligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda BRM ijrosi, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasining faollik ko‘rsatayotganiga alohida urg‘u berildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston BRMga erishish yo‘lida katta yutuqlarga erishayotganini ko‘rsatib va mintaqaviy hamda xalqaro darajada hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini tasdiqlab, global ustuvorliklarni milliy kun tartibiga integratsiyalashda namuna bo‘layotganini ta’kidladi.

Majlis doirasida iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi, cho‘llanish kabi ekologik tahdidlarga, shuningdek, suv va energetika xavfsizligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar ushbu masalalarni hal etishda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, qonunchilik tajribasini almashish va mahalliy hokimlik vakillik organlari bilan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi.

Majlis yakunlari bo‘yicha mintaqa mamlakatlarining hamjihatlikda, keng qamrovli va muvozanatli rivojlanishiga erishish uchun parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Joylarda barqaror rivojlanish kun tartibi muvaffaqiyatli amalga oshishi ko‘p jihatdan mahalliy hokimiyat vakillik organlariga bog‘liqligi bois ularning muhim roliga alohida e’tibor qaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA