Samarqand iqtisodiyot va servis instituti delegatsiyasi Daniyada “O‘zbekistonning bebaho merosi” nomli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazdi.
2025 yilda Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, sayyohlik tashkilotlari, muzeylar va boshqa madaniyat muassasalari xorijiy davlatlarda O‘zbekiston madaniyati va tarixi, an’ana va qadriyatlari, bugungi hayoti haqida taqdimotlar, konsert va ko‘rgazmalar, madaniy tadbirlar tashkil etmoqda.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Po‘latovning qayd etishicha, institut vakillari Daniya Qirolligining Orxus universitetida uyushtirgan madaniy-ma’rifiy tadbirda ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi haqida hikoya qiluvchi taqdimotlar, milliy hunarmandchilik va miniatyura asarlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari o‘tkazildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbariyati bilan ilmiy sohada hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirlarda Daniyadagi davlat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Samarqand davlat chet tillar instituti jamoasi yaqinda Ozarbayjon va Meksikada shunday ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelgandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri