Davlatimiz rahbarining 2017-yil 18-apreldagi “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu bog‘ini xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan har tomonlama go‘zal va betakror maskanga aylantirish, ma’naviy hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan atoqli so‘z san’atkorlarining tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida bog‘ hududida Adiblar xiyoboni,Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi barpo etilgan edi.
Ushbu xiyobon ro‘parasida qurilayotgan mazkur uy-joylar yozuvchi va shoirlarga beriladi. Uyning birinchi qavatida maktabgacha ta’lim muassasasi va oilaviy poliklinika tashkil etiladi.
– Biz doimo ziyolilarni, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ular yaratgan ibratli asarlarni, she’rlarni yoshlarimiz qancha ko‘p o‘qisa, ma’naviyati, ma’rifati yuksaladi, demakki, vatanparvar bo‘ladi. Vatanparvarlar qancha ko‘p bo‘lsa, mamlakatimiz ham shuncha tez ravnaq topadi.
Davlatimiz rahbari uying birinchi qavatida joylashadigan bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.
– Maktabgacha ta’lim tizimi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bolalar ayni bog‘cha yoshida bilimni tez va oson o‘zlashtiradi, bir umrga eslab qoladi. Shuning uchun ushbu tizim rivoji bilan bog‘liq masalalar doim diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak.
Prezidentimiz maktabgacha ta’lim muassasalari uchun uslubiy qo`llamalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratish, bu ishlarga tajribali ijodkorlarni ham jalb etish lozimligini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Bo‘zsuv kanali bo‘ylab qurilgan so‘lim sayilgohni ham ko‘zdan kechirdi.