“Deutsche Welle” akademiyasining tajribasi o‘rganildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xalqaro press-klub tomonidan “Deutsche Welle” akademiyasi vakillari ishtirokida “Zamonaviy jurnalistika uchun kadrlar tayyorlash: “Deutsche Welle” akademiyasi tajribasi“ mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
“Deutsche Welle” (“Nemis to‘lqini”) teleradiokompaniyasi Germaniyaning xorijiy tinglovchilar va tomoshabinlarga mo‘ljallangan yirik mediatuzilmasi bo‘lib, 60 mamlakatda 3 mingga yaqin xodimi faoliyat olib boradi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda “Deutsche Welle” teleradiokompaniyasi auditoriyasi qariyb 150 million kishini tashkil etadi.
2004-yilda kompaniyaning radio va telejurnalistlar malakasini oshirish markazi bazasida akademiya tashkil etilgan. Ushbu akademiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri zamonaviy OAVni rivojlantirish, xususan, xalqaro standartlarga mos jurnalist kadrlarni tayyorlashdan iborat.
O‘zbek jurnalistlari malakasini oshirish va akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan davra suhbatida Xalqaro press-klub rahbari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxo‘jayev, “Deutsche Welle” akademiyasi mas’ul xodimi V.Rudnik va boshqalar zamonaviy jurnalistika yutuqlarini ommalashtirish va soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish mediatuzilmalarni xalqaro standartlar darajasida rivojlantirishda muhim ahaiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mamlakatimizda yetuk jurnalistlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mediatuzilmalar uchun keng imkoniyatlar yaratilib, zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda. Sohaning qonunchilik bazasi isloh qilingani, jamiyatda so‘z va fikrlar erkinligi ta’minlanayotgani, OAVlar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilayotgani ijodkorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun muhim zamin yaratmoqda.
– O‘zbekistonda bundan 10 yil muqaddam bo‘lganman. Keyingi yillarda yurtingizda hukumat tomonidan jurnalistika sohasiga qaratilayotgan e’tibor meni quvontiradi, – deydi “Deutche Welle” akademiyasi koordinatori Lidiya Ranert. – Akademiyamiz jahondagi imkoniyatlari keng bo‘lgan davlatlarga o‘z g‘oya va tashabbuslari bilan murojaat etadi. O‘zbekiston ham ana shunday davlatlardan biridir. O‘ylaymanki, bizning tashabbusimiz o‘zbek jurnalistikasi rivojiga, soha mutaxassislari o‘rtasida hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Tadbirda soha vakillari o‘zaro fikr almashdi. Jurnalistlarning savollariga akademiya xodimlari va tashkilotchilar atroflicha javob qaytardi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, O‘zA